M.Shojalilov: Yer va uning ekotizimi insoniyatning uyi ekanligini unatmasligimiz kerak!
Poytaxtda “Butun jahon yer kuni”ga bag‘ishlab tashkil etilgan “Markaziy Osiyoda yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish: muammolar va yechimlar” mavzusidagi xalqaro forumda qishloq xo‘jaligi yerlarining unumdorligini saqlash va oshirish, degradatsiyaga qarshi kurashish, eroziya, sho‘rlanish, botqoqlanish, cho‘llanish jarayonlarini oldini olish masalalari global miqyosda hal etilishi lozim bo‘lgan muammolar xususida so‘z bordi.
Xalqaro anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligi mutasaddilari M.Shojalilov, A.Zaxadullayev, X. Tolipov, A.Alimovlar o‘zlarining ma’ruza va prezentatsiyalari bilan ishtirok etdi.
Yer muammolariga insoniyatning e’tiborini qaratish maqsadida 1971 yildan boshlab har yili 22 aprel kuni jahondagi barcha mamlakatlarda turli tadbirlar va aktsiyalar o‘tkaziladi, deydi O‘rmon xo‘jaligi agentligi xodimi M.Shojalilov.- Shu bois, BMT Bosh Assambleyasi 22 aprel sanasini Butunjahon Yer kuni deb e’lon qilib, uni nishonlashga qaror qildi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasi qabul qilgan rezolyutsiyada Yer va uning ekotizimi insoniyatning uyi ekani, biz sayyoramizni avaylab-asrashimiz lozimligi belgilab qo‘yilgan. Chunki, hozirgi va kelgusi avlodlarning iqtisodiy, ijtimoiy hamda ekologik ehtiyojlari orasidagi adolatli mutanosiblikka erishish maqsadida ona zamin uyg‘unligini saqlab qolish har doimgidan ko‘ra, XXI asrda dolzarb muammoga aylanib borayapti.
Yuzaga kelayotgan global ekologik muammolarga butun insoniyatning e’tiborini jalb etish, tabiatga yetkazilayotgan salbiy ta’sirlarni kamaytirish va yer resurslaridan oqilona foydalanishni targ‘ib etish maqsadida har yili 22 aprel — Xalqaro Yerni muhofazalash kuni sifatida nishonlanadi. Bu oddiy bir sana bo‘lib qolmasdan, bu kunda yashab turgan atrof-muhit, birinchi navbatda, yerga bo‘lgan munosabatlarimizni tahlil etish, yuzaga kelgan muammolarni yechishda turli mamlakatlarning birgalikda harakat qilishi, yerlarni muhofaza etishga doir tadbirlarni ishlab chiqish va qo‘llashga imkon yaratish yuzasidan chuqur mulohaza yuritish zarur.
O‘zbekiston BMTning atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik barqarorlikni ta’minlash borasidagi konventsiyalari hamda boshqa xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilib, zimmasiga olgan barcha majburiyatlarni bajarib kelmoqda. Mamlakatimizda iqtisodiy-ijtimoiy sohalarining barcha jabhalarida o‘tkazilayotgan islohotlar strategiyasida tabiiy resurslardan, shu jumladan o‘rmon fondi yerlaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.
Dilrabo Boboyeva