Mening bogʻim” loyihasi doirasida “yashil bogʻ” va “yashil jamoat parklari” barpo etilmoqda
Oʻzbekistonda ekologik barqarorlikni taʼminlash va aholi uchun qulay turmush sharoitlarini yaratish maqsadida “Ochiq budjet” axborot portali (openbudget.uz) orqali jamoatchilik fikri asosida “Mening bogʻim” loyihalari amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish va ekologik muvozanatni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining tegishli topshirigʻi asosida 2024-yilda Oʻrmon xoʻjaligi agentligining tizim tashkilotlari tomonidan 205 ta tuman va shaharlarda “yashil bogʻ” va “yashil jamoat parklari” barpo etildi.
Bu bogʻlar mahalliy aholining tabiat qoʻynida madaniy hordiq chiqarishi, dam olishi, sogʻlom hayot tarzini shakllantirishi uchun muhim ahamiyatga ega. Barpo etiladigan bogʻlar shahar va tumanlar ekotizimiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi, atmosfera havosini yaxshilaydi. Bogʻ va parklarda turli manzarali daraxtlar ekilib, kislorod balansi saqlanadi. Natijada havoning namligi taʼminlanadi, issiqlik ortib ketishining oldi olinadi.
Yangi bogʻlar zamonaviy landshaft dizayn talablariga mos ravishda jihozlanmoqda. Ahamiyatlisi, bogʻlar hududida ekologik madaniyat targʻib qilinadi. Yangi bogʻlar aholiga qulay boʻlishi uchun yorugʻlik va avtomatik sugʻorish tizimlari bilan taʼminlanadi.
Aholining sogʻlom turmush tarziga keng jalb qilish maqsadida piyodalar va velosiped yoʻlaklari va chiqindilar uchun maxsus urnalar tashkil etiladi.
Kelajakda ushbu loyiha yanada kengayib, koʻproq hududlarni qamrab oladi. Har bir tuman va shaharda yangi yashil bogʻlarning barpo etilishi tabiatni asrashga boʻlgan munosabatni yaxshilaydi va aholi uchun koʻngildagidek dam olish imkoniyatini yaratadi.