Qidirish
27/04/23, 09:14
3

Munosabat

Zarafshon archalari nega  noqonuniy kesib tashlandi?

Ijtimoiy tarmoqlarda  Boysun davlat o‘rmon xo‘jaligi “Kengdala” o‘rmon bo‘limiga qarashli tog‘li hududlardagi Zarafshon archalarining noqonuniy kesib tashlanganligi yuzasidan tarqalgan xabarlar ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘ldi.

Murojaatda qayd etilgan holat 2023 yilning 23 aprel kuni Surxondaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, Surxondaryo viloyati bo‘yicha Milliy gvardiya boshqarmasi va Boysun davlat o‘rmon xo‘jaligi mas’ul xodimlari ishtirokida o‘rganib chiqildi.


O‘rganish davomida quyidagi holatlar aniqlandi:

“Kengdala” o‘rmon bo‘limining 2-aylanma 6 kvartali “Tuya” massivida tanasining diametri 16 sm bo‘lgan sog‘lom o‘sayotgan, hech qanday kasallik alomatlari mavjud bo‘lmagan 2 tup Zarafshon archasi tag qismidan noqonuniy kesilganligi;

o‘rmon bo‘limining 3-aylanma 8-kvartalida 3 tup Zarafshon archasining yon shoxlariga shikast yetkazilganlii;

xo‘jalikning 3-aylanma 8a-kvartali hududida esa tanasining diametri 20 sm bo‘lgan 1 tup Zarafshon archasi tag qismidan noqonuniy kesilganligi.

Shuningdek, o‘rmon hududlarida chorva mollari mavjudligi, ularning boqilishi bilan bog‘liq holatlar o‘z tasdig‘ini topmadi.

Yuqorida qayd etilgan holatlardan kelib chiqib, “Kengdala” o‘rmon bo‘limi hududlarida “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 37-moddasi hamda boshqa tegishli moddalari talabi buzilgan deb topilib, ushbu hududlarga javobgar shaxslarga (o‘rmon bo‘limi xodimlariga) nisbatan  O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 79-moddasi 1-qismi bilan javobgarlik belgilandi.

Qo‘llanilgan ma’muriy jarima va o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zararni undirish choralari ko‘rilmoqda. Boysun davlat o‘rmon xo‘jaligi xodimlari ogohlantirilib, kelgusida bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘ymasliklari va boshqa masalalar yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.