Mutaxassislar daraxtlarni belgilangan talablar asosida ekish, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashishda ishlarni samarali tashkil etish yuzasidan tavsiyalarini berdi
Daraxtlar. Ular havodagi zararli karbonat angidridni yutib, o‘rniga kislorod ishlab chiqaradi va bizning nafas olishimizga yordam beradi. Ular issiqda salqinlik beradi, atrof-muhitni shovqinlardan himoya qiladi.
Aholi salomatligini keng ta’minlash maqsadida so‘nggi yillarda aholi punktlarini ko‘kalamzorlashtirish, daraxt va butalarni muhofaza qilish hamda yashil maydonlarni kengaytirish borasida tegishli choralar ko‘rilmoqda. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, daraxt ekish, atmosfera havosi, suv va yer resurslarining ifloslanishini kamaytirish, biologik xilma-xillikni saqlash, chiqindilarni qayta ishlash va utilizatsiya qilish, maishiy chiqindilarni qayta ishlash, borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Joriy yilning 10 may sanasida Tabiat resurslari vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligi hamda “Zamin” halqaro jamoat fondi mas’ullarining tashabbuslari bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish ishlarini tizimli va sifatli tashkil etish maqsadida amaliy seminar tashkil etildi.
Seminarda Surxondaryo viloyatining o‘rmonchilari, obodonlashtirish boshqarmalari hodimlari, karantin xizmati xodimlari hamda ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi ishchi xodimlar ishtirok etdilar. Seminar davomida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi.
Shuningdek, soha mutaxassislari daraxt va buta ko‘chatlarini belgilangan talablar asosida ekilishini tashkillashtirish, daraxtlarning kasallik va zararkunandalarga qarshi kurash ishlarini samarali tarzda tashkil etish yuzasidan o‘z tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.
Amaliy seminar yakunida mavzu yuzasidan savol va takliflar muhokama qilindi.
Dilrabo Boboyeva O‘rmon xo‘jaligi agentligi axborot xizmati