O‘rmon resurslaridan oqilona foydalanish bugunning dolzarb talabi!
O‘rmon xo‘jaligi agentligida “O‘rmon resurslaridan oqilona foydalanish bugunning dolzarb talabi” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda sohaga tegishli ma’lumotlar taqdim etildi.
Yerlardan oqilona foydalanmaslik va qurigan Orol dengiz hududidan esadigan qumli-tuzli chang bo‘ronlari mamlakatimizning ayrim mintaqalarida yerlarning tanazullga uchrashiga va muhim ijtimoiy muammolarni yuzaga kelishiga olib keldi. Xususan, nafaqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, balki Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlarida 2000-2018 yillarda 8 million gektar yerlar turli darajada sho‘rlanishiga va 1 million gektardan ortiq yerlar eroziyaga uchradi. Bu ushbu hududlarning umumiy maydonining 96 foizini tashkil etadi.
Yana shuni alohida qayd etish lozimki, keyingi yillarda respublikamizda tez-tez kuchli shamol va qum bo‘ronlari kuzatilmoqda. Shu o‘rinda, cho‘l hududlarida qum ko‘chish ofatlarini oldini oluvchi ihota daraxtzorlari va o‘rmonzorlarini yanada ko‘paytirish eng muhim dolzarb masalalardan hisoblanadi. Ba’zi hududlarda bemalol yomg‘ir suvlarini to‘plab, bog‘lar, daraxtzorlar barpo etish uchun foydalanish imkoniyatlari bor.
Xabaringiz bor, yurtimizda ekologik holatni yaxshilash, hududlarni yanada ko‘kalamzorlashtirishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilib kelinmoqda. Ushbu tadbirlar doirasida 2022 yil bahor va kuz mavsumlarida Respublikamiz hududlarida jami 200 mln dan ortiq manzarali, mevali daraxt va butalarning ko‘chat hamda qalamchalari ekildi.
Shuningdek, loyiha doirasida ko‘chat ekish tadbirlari joriy yilda ham davom ettirilmoqda. Buning natijasida joriy yil 29 mart holatiga respublika bo‘yicha 115 mln. dona ko‘chat va qalamchalar (rejaga nisbatan 92 foiz) ekildi va “Yashil makon” elektron platformasiga kiritildi.
Bundan tashqari, “Yashil hudud” DUK va uning hududiy korxonalari hamda mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda “yashil bog‘lar” va “yashil jamoat parklari” tashkil etilishi bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Buning natijasida, 2022 yilda 588,4 gektar maydonda (rejaga nisbatan 101 foiz) “yashil bog‘lar” va 662,3 gektar maydonda (rejaga nisbatan 61 foiz) “yashil jamoat parklari” tashkil etildi.
“Yashil makon” loyihasi doirasida viloyatlar bo‘yicha yetishtirilgan nihol va ko‘chatlar, quyosh, iqlim va tuproq sharoitiga qarab ko‘chat ekish amaliyoti muntazam o‘rganildi.
2022 yil davomida o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan qator o‘rmonchilik tadbirlari amalga oshirildi. Jumladan, o‘rmon fondining cho‘l hududlarida, ya’ni Orol dengizining suvi qurigan tubi va Orolbo‘yi mintaqasida bugungi kungacha jami 176,6 ming gektar, shundan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida 110 ming gektar, Buxoro viloyatida 40 ming gektar, Navoiy viloyatida 16 ming gektar va Xorazm viloyatida 10,6 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” barpo etildi.
Ushbu tadbirlar uchun jami 856 tonna cho‘l o‘simliklarining urug‘lari jamg‘arildi. O‘rmon xo‘jaliklari tomonidan iqlim sharoitga mos daraxt va butalar turlaridan 220 gektar maydonda niholxona va ko‘chatxonalar tashkil etildi. Sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlari dala chetlarida 1000 gektar maydonda ihota daraxtzorlari barpo etildi.
Soha rivoji uchun 2017 - 2022 yillarda o‘rmon xo‘jaligi sohasiga oid 43 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining 2 ta qonuni, 3 ta O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 8 ta O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori va Vazirlar Mahkamasining 30 ta qarori qabul qilindi. Mazkur normativ-huquqiy hujjatlarda O‘zbekiston Respublikasida o‘rmon xo‘jaligi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasini amalga oshirish, o‘rmon xo‘jaligida ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini rag‘batlantirish hamda xalqaro standartlar darajasiga mos ilg‘or xorijiy tajribaga ega bo‘lgan kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish nazarda tutilgan.
“Manzilli reja” bo‘yicha 2021 yilda band bo‘lmagan aholi bandligini ta’minlash va ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha 6433 nafar reja olingan bo‘lib, 2022 yilda 9472 nafar ishsiz aholi bandligi ta’minlandi. 2022 yilda band bo‘lmagan aholi bandligini ta’minlash va ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha 10 054 nafar reja olingan bo‘lib, 31 dekabr holatiga 11 166 (yoshlar 3414, xotin-qizlar 1626) nafar ishsiz aholi bandligi ta’minlandi.