O‘rmon xo‘jaligi agentligi tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Ma'lumki, O‘rmon fondining 81,8 foizi (9 mln 701 ming gektar) cho‘l hududi, 13,7 foizi (1 mln 618 ming gektar) tog‘ hududi, 0,3 foizi (34 ming gektar) vodiy hududi, 4,2 foizi (503 ming gektar) to‘qay hududidan iborat.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 6 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida O‘rmon xo‘jaligi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta'minlash bo‘yicha tizim tashkilotlari tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Orol dengizining qurigan tubi va Orolbo‘yi hududlarida qum ko‘chishi hamda atmosfera havosiga tuz-chang ko‘tarilishini bartaraf etish maqsadida jami 195 ming gektar, shundan Mo‘ynoq tumanida 128 ming gektar, Buxoro viloyatida 40 ming gektar, Navoiy viloyatida 17 ming gektar va Xorazm viloyatida 10 ming gektar maydonda saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklaridan “yashil qoplamalar” barpo etildi. O‘rmon xo‘jaliklari tomonidan jami 941 tonna cho‘l va boshqa turdagi daraxt va butalarning urug‘lari jamg‘arildi.
Tuproq-iqlim sharoitga mos manzarali, mevali daraxt va butalar turlaridan 546 gektar maydonda niholxona va ko‘chatxonalar tashkil etildi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy yil bahor mavsumida o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan 21,8 mln. dona iqlim sharoitga mos manzarali, mevali daraxt va butalarning ko‘chat va qalamchalarini yetkazib berilishi ta'minlandi. Shuningdek, loyiha hujjatlari asosida 347 gektar maydonda “yashil bog‘lar” tashkil etish belgilangan bo‘lib, bugungi kunga qadar jami 126 ta mahalliy kengashlarning “yashil bog‘lar” barpo etish bo‘yicha yer ajratish to‘g‘risidagi tegishli qarorlari qabul qilindi.
Hududlarda barpo etiladigan “yashil bog‘lar”ni belgilangan talablar asosida tashkil etish maqsadida loyiha hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha mahalliy hokimliklar va “O‘rmonloyiha” loyihalash instituti o‘rtasida shartnomalar imzolandi.
Sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlari dala chetlarida 2 ming gektar maydonda ihota daraxtzorlari barpo etilib, 4 mln dona ko‘chatlar ekildi. Nukus shahri atrofida 5 km masofada 3590 dona, Urganch shahri va Urganch-Gurlan avtomobilь yo‘li atrofiga 5 km masofada 2500 dona katalьpa, qayrog‘och, yapon saforasi kabi tuproq-iqlim sharoitga mos daraxtlar ko‘chatlari ekilib, “yashil belbog‘lar” barpo etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2026 yillarda Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e'tibor va sifatli ta'lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni tasdiqlangan davlat dasturi bo‘yicha respublikada ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida 200 ming gektar o‘rmon barpo qilish va qayta tiklash tadbirlari amalga oshirildi.
O‘tgan davrda tizim tashkilotlari tomonidan jami 37 788 gektar maydonda o‘rmon zararkunanda va kasalliklariga qarshi joriy tekshirish ishlarini amalga oshirish, 13 506 gektar maydonda aniqlangan zararkunanda yoki kasallikka qarshi kurashish bo‘yicha tadbirlar olib borildi. 9 772 gektar maydonda aniqlangan kasalliklarga qarshi hamda 11 549 gektar maydonda zararkunandalarga qarshi tadbirlar olib borilib, mavjud biolaboratoriyalarda yetishtirilgan entomofaglardan (oltinko‘z, trixogramma, brokan) foydalanib, biologik kurash tadbirlari olib borilmoqda.
Qayd etish lozimki, O‘rmon xo‘jaliklari tomonidan 2023 yil davomida 165 km masofada yong‘inga qarshi yo‘llar va 290 km minerallashtirilgan polasalar (shudgorlangan yo‘laklar) qurilishi 78 km yangi himoya liniyalari yaratilishi hamda 1720 km maydonda minerallashtirilgan polasalar va 1730 km o‘rmon xo‘jaligi ahamiyatiga ega yo‘llar ta'mirlanishi rejalashtirilgan.
Joriy yilning bugungi kuniga qadar agentlikning tizim tashkilotlari tomonidan jami 303 km yong‘inga qarshi oraliq joylar, 590 km yo‘llar, 568 km himoya chiziqlari hamda 14 880 m3 suv havzalari yangidan qurilib, 2236 km oraliq joylar, 3231 km yo‘llar, 2518 km yong‘inga qarshi himoya chiziqlari, 260 km zovurlar hamda 14 893 m³ suv havzalari ta'mirlandi.
O‘rmon fondidagi 2500 gektar foydalanilmayotgan yer maydoni o‘zlashtirildi.