O‘rmon xo‘jaligi ekinlari urug‘larining sifatini aniqlashning o‘z usullari mavjud
Ma’lumki, davlatimiz rahbarligida 2021 yil 24 avgust kuni ekologik holatni yaxshilash, daraxtlar muhofazasini samarali tashkil etish va yashil hududlarni kengaytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida, Toshkent shahrining har bir tumanida bittadan sayilgoh, ko‘p qavatli uylar joylashgan mahallalarning har birida yashil hududlar tashkil qilish zarurligi qayd etildi. Shuningdek, 60 kilometr kanallar bo‘yi, 250 kilometr piyodalar yo‘laklari atrofiga manzarali daraxtlar ekish kerakligi ta’kidlangan.
Ko‘kalamzorlashtirish sifatini oshirish uchun hamda cho‘l o‘rmonchiligini rivojlantirishda sifatli va tannarxi arzon, mahalliy sharoitlarga moslashuvchan, ko‘rkam, xushmanzara gullaydigan, estetik zavq beradigan standart talablarga javob beradigan manzarali daraxt ko‘chatlarini ko‘paytirish maqsadida bir qator chora-tadbirlar tashkil etilgan.
Xorazm davlat o‘rmon xo‘jaligi rahbarlari, O‘rmonchilik ilmiy tadqiqot instituti olimlari va xodimlari bilan birgalikda “O‘rmon fondi yer maydonlarida daraxt va butalarning selektsion urug‘chilik bazasini yaratish hamda sifatli urug‘ olish maqsadida daraxt va butalar urug‘larining onalik plantatsiyalarini tashkil etish”borasida seminar tashkil etildi.
Seminar davomida mutaxassislar tomonidan urug‘lardan namuna olish, 1000 dona urug‘ og‘irligini hamda urug‘ namligini aniqlash, urug‘larning tozaligi (kasallik, zararkunanda va begona o‘tlar)ni aniqlash va urug‘larning unuvchanligi va o‘sish quvvatini aniqlash kabi masalalar yuzasidan tegishli tavsiyalar o‘rtaga tashlandi.
Qayd etish lozimki, mamlakatimizda keyingi paytlarda shahar, qishloq va ishlab chiqarish korxonalari, ijtimoiy soha ob'yektlarini obodonlashtirishga, ko‘kalamzorlashtirish bilan birgalikda Orolning qurigan tubini cho‘l o‘rmon o‘simliklari ekilishiga katta e’tibor qaratilmoqda.
Tegishli qonunchilikka ko‘ra, 2022-2026 yillarda har yili Orol dengizining qurigan tubi va orolbo‘yi hududlarida 200 ming gektardan yashil qoplamalar cho‘l o‘rmonzorlarini barpo etish masalalari belgilab qo‘yilgan.
Seminar davomida ishtirokchilarga soha mutasaddilari tomonidan cho‘l o‘simliklari, o‘rmon barpo qilishda foydalaniladigan o‘rmon va manzarali o‘simliklar, manzarali butalar va madaniy mevali daraxtlarning urug‘lariga qo‘yiladigan talablar, o‘rmon xo‘jaligida foydalaniladigan urug‘larning sifati, tozaligi, unuvchanligi hamda tahlildan o‘tgan urug‘larning sifatlilik xujjatlarini yuritish bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi.