O‘simliklar barcha yovvoyi tabiat bilan bog‘liq bo‘lgan ekologik asosdir!
13 aprel “Xalqaro o‘simliklarni qadrlash kuni”
BMT ning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ma’lumotlariga ko‘ra, har yili zararkunandarlar va kasalliklar tufayli 40 foizga yaqin oziq-ovqat ekinlari nobud bo‘ladi. Bu qishloq xo‘jaligiga katta zarar yetkazadi.
Shuningdek, iqlim o‘zgarishi va inson faoliyati ekologik tizimga ta’sir ko‘rsatib, biologik xilma-xillikka ziyon yetkazmoqda.
2018 yilning dekabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi 2020 yilni Xalqaro o‘simliklarni himoya qilish yili deb e’lon qildi. 2019 yil dekabr oyida FAO bosh direktori Syuy Dun’yuy FAO Kengashining maxsus sessiyasi sifatida bo‘lib o‘tgan ochilish marosimida Xalqaro o‘simliklarni himoya qilish yili boshlanganini rasman e’lon qildi.
O‘simliklar va daraxtlarni himoya qilish juda muhimdir. Ular barcha yovvoyi tabiat bilan bog‘liq bo‘lgan ekologik asosdir.
Mamlakatimizda ham so‘nggi o‘simliklarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish sohasini rivojlantirishga ham alohida e’tibor berilmoqda. Xususan, o‘simliklar karantini va himoyasi boshqaruv tizimi takomillashtirildi. Fitosanitar va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, mineral o‘g‘it va kimyoviy vositalarni yetkazib berish va xizmat ko‘rsatish tizimi xususiy sektorga o‘tkazildi. O‘simliklarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish samaradorligini oshirishda ekin turidan kelib chiqib, uyg‘unlashgan kurash choralari bosqichma-bosqich amaliyotga joriy qilinmoqda.
O‘rmon xo‘jaligi agentligi mutasaddilari tomonidan ham respublika bo‘ylab urug‘chilikni rivojlantirish va zararkunandalarga qarshi kurashish bo‘yicha amaliy seminarlar va o‘simlik dunyosini saqlab qolish, tiklash, takror ko‘paytirish va undan oqilona foydalanishga, u o‘sadigan muhitni saqlab qolishga qaratilgan, ilmiy asoslangan tadbirlar tashkil etildi. Zararkunanda va kasalliklarga qarshi fitosanitar choralari amalga oshirish, zararli organizmlarga qarshi kurash choralari haqida tavsiyalar berildi.
O‘simliklarning boy va sog‘lom xilma-xilligi nafaqat ijtimoiy va ekologik ahamiyatga ega, balki qishloq xo‘jaligi tufayli katta iqtisodiy foyda keltiradi. O‘simliklar muhim oziq-ovqat manbasidir. Iste’mol qilingan o‘simlik mahsulotlaridan tanaga kiradigan ozuqa moddalari bo‘lmasa, inson salomatligi sezilarli darajada zarar ko‘radi.
Shu bilan birga, o‘simliklarni yetishtirishda muhim rol o‘ynaydigan mineral o‘g‘itlar va kimyoviy moddalarni noto‘g‘ri ishlatish atrof-muhit, inson salomatligi, hayvonlar, o‘simliklar uchun sezilarli xavf tug‘dirishini va oziq-ovqat mahsulotlari sifatini pasaytirishini unutmaslik kerak.