O‘zbekiston bo‘ylab minglab daraxtlar kesib yuborilganining oqibati bugungi jazirama kunlarda bilinmoqda
Qadim tabobatning barcha namoyondalari uzoq va baxtli hayot kechirishning sirlari – inson tabiat unsurlaridan nechog‘lik to‘liq foydalana olishida, deya hisoblaydi.
Ko‘chada harorat yuqori! Bu issiqdan saqlanishda eng yaxshi himoya esa daraxtlardir.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, daraxtlar nafaqat salqin beradi, balki atmosferaga chiqariladigan zaharli tashlamalar kamayishiga, shovqinlar pasayishiga xizmat qilib, bundan tashqari noyob va mahalliy qushlarning in qurib ko‘payishlari uchun boshpana vazifasini o‘taydi. Daraxtlar karbonat angidridni biz nafas oluvchi kislorodga aylantirib beradi, issiq kunda salqinlikni hadya etadi, ba'zi daraxtlarning salomatlik uchun foydali bo‘lgan shirin mevalari iste'mol qilinadi.
Bejiz yurtimizda qadimdan daraxt ekkan inson ulug‘lanmagan. Biroq afsuski, so‘nggi yillarda O‘zbekiston bo‘ylab minglab daraxtlar kesib yuborilganining oqibati hozirgidek jazirama kunlarda ayniqsa bilinyapti. Daraxtlar, boshqa o‘simliklarning barglari va shohlari yoz oylarida quyoshdan kelayotgan issiqlik quvvatining faqat 10-30 foizini pastga o‘tkazar ekan. Natijada yer ustida harorat mo‘'tadil bo‘lar ekan. Shunday foydali bo‘lgan ne'matni asraylik, asraylik…
Ma'lumki, O‘zbekistonda manzarali ko‘chatlarni ekish bo‘yicha har yili ekologik aktsiyalar o‘tkaziladi.Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – ta'lim muassasalarida ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, yashil hududlar maydonini kengaytirish, yoshlarni atrof-muhit barqarorligini ta'minlashda faolligi va mas'uliyatini yanada oshirish, mahallalar hududlarini, aholi turar-joylari atrofini bundan-da ko‘rkam ko‘rinishga keltirishdan iborat.
Amalga oshirilayotgan katta loyiha «Yashil makon» yurtimizning obod bo‘lishi, ekologik toza hududga aylanishi uchun, albatta, o‘z hissasini qo‘shmay qolmaydi. Ammo sohani yanada rivojlantirish va bu borada kerak bo‘lsa xorijiy tajribani ham o‘rganish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Dilrabo Boboyeva O‘rmon xo‘jaligi agentligi axborot xizmati