Ona tabiatga e’tiborsiz bo‘lmang!
Insoniyat hayotini yer, suv, tabiat va undagi o‘simlik va hayvonot dunyosidan ayro holda tasavvur etish mumkin emas. Ona tabiat shunchalar mehribonki, artofimizni o‘rab turgan butun borliq tiriklik manbaigina bo‘lib qolmay, bizga go‘zallik, yashash va huzurlanish zavqini ham beradi.
O‘rmonlar bizga toza havo, musaffo hayot baxshida etadi. Ammo statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 99 foiz holatlarda bevosita insoniyat tufayli, qolgan 1 foiz holatda tabiiy ofatlar sababli o‘rmonlarda o‘rmon yong‘inining kelib chiqishi qayd qilingan.
Aynan tabiatga, yashillikka bo‘lgan munosabati tufayli bugun insoniyat ko‘plab umumbashariy muammolarga duch kelmoqda.
Aynan mamlakatimizda ham iqlim keskin va tez quruqlashib bormoqda. Kuzda yomg‘ir, qishda esa qor yog‘ishi sezilarli darajada kamaygan. Yoz oylarida anomal issiq kuzatilmoqda. Yil davomida yurtimiz hududiga kirib keladigan sovuq havo oqimi ikki barobargacha qisqardi. Bularning barchasi global iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq.
Davlatimiz rahbari bejizga “Shuncha yillarda “qog‘ozda” ekilgan daraxtlarni hisoblasa, O‘zbekistonda bo‘sh joy qolmasligi kerak edi. Tizim, qarov bo‘lmagani uchun ekilganining ham ko‘pi qurib ketdi. Bugungi va kelgusidagi ekologik vaziyatni inobatga olib, daraxt ekishni davlat siyosati darajasiga ko‘taryapmiz. Shuning uchun bu umummilliy loyihani puxta tayyorgarlik bilan, puli, egasi, sug‘orish tizimi bilan amalga oshirish kerak”, deya qayd etmagan.
Respublikamiz miqyosida daraxtzorlarni ko‘paytirishga qaratilgan «Yashil makon» umummilliy loyihasi tatbiq etilmoqda.
Unutmaylik, o‘rmonlar - yurt boyligidir. Tabiatning shifobaxsh ne’matlarini asrab-avaylash, o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish farovonlik oshishiga, yangi ish o‘rinlari ko‘payishiga keng yo‘l ochadi. Zero, boy zaminning xalqi ham boy bo‘lishi kerak. Yashillikni asrab avlodlarga yetkazish uchun esa har birimiz mas’ulmiz!