Qidirish
21/10/23, 11:54
1707

Ona tili – millat ruhi, or-nomusi

Millatni millat qilib dunyoga tanitadigan muhim belgilardan biri bu shu davlatning tilidir. Yer yuzida juda ko‘plab millat, elatlar mavjud. Ular bir-birlari bilan o‘z tillarida so‘zlashganliklari bois millat, elat, degan nomga egadirlar. Tilsiz xalq bo‘lmaydi, xalqsiz esa tilning mavjud bo‘lishi mumkin emas.

O‘rmon xo‘jaligi agentligida tashkil etilgan tadbirda o‘zbek tilining rivoji xususida so‘z bordi. Tadbirni O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori Nizomiddin Bakirov o‘zining kirish so‘zi bilan ochib berdi.

Shuningdek, mazkur tadbirda O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili haqidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Yulduz Oripova, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining davlat tilini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Matnazar Elmurodov va soha mutasaddilari ishtirok etdi.

Darhaqiqat, bugun yurtimizda davlat tiliga bo‘lgan e’tibor har qachongidan kuchaydi. Ona tilimizni ulug‘lash, uning boy xazinasi, tarovati va nafosatini yosh avlodga yetkazish maqsadida atoqli shoir va adiblar nomidagi ijod maktablari tashkil etildi.

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 34 yil to‘lishi munosabati bilan o‘tkazilgan madaniy-ma’rifiy tadbirda Toshkent shahar pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazining dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Gʻafur Eshmanov, O‘zbek Milliy Akademik drama teatri aktrisasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan aktrisa Ra’no Yarashova, O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston qahramoni Abdulla Oripovning rafiqasi Hanifa Mustafoyeva hamda so‘z ustasi Valijon Shamsiyevlar o‘zbek tilining huquqiy maqomini belgilashda yengib o‘tilgan qiyinchiliklardan tortib hozirgi kunda tilimizning boy imkoniyatlaridan keng foydalanish uchun yaratilgan shart – sharoitlar va bu borada olib borilayotgan sa’yi harakatlar to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Bu borada qabul qilinayotgan qonunlar alohida e’tirof etildi. Ona tili kunining mazmun-mohiyatida har bir xalqning o‘z milliy tafakkuri, ma’naviyati, ruhiyatining o‘zagini tashkil etadigan tilga alohida muhabbatning belgisi o‘z aksini topadi.

Millat esa til – mamlakat timsoli, qimmatbaho mulk ekanligini aslo unutmasligi lozim!

Dilrabo Boboyeva O‘rmon xo‘jaligi agentligi axborot xizmati