Qidirish
29/09/23, 14:06
1612

O‘rmon fondi yerlarida dorivor o‘simliklarni yetishtirish borasida bir qator ilmiy-amaliy ishlar amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda dunyo aholisi tomonidan dorivor o‘simliklardan tayyorlanadigan tabiiy mahsulotlarga talab ortib bormoqda, natijada dorivor o‘simliklarni yetishtirish va xom-ashyo hajmini oshirish dolzarb muammolardan biri bo‘lib hisoblanadi. Dorivor o‘simliklar (lot. Plantae medicinalis) – o‘simlikshunoslik fanida katta guruhni o‘z ichiga olgan bo‘lib, dorivor o‘simliklarning vegetativ va generativ organlaridan xalq tabobatida va ananaviy tibbiyotda hamda veterinariya sohalarida kasalliklarni davolash yoki profilaktika qilishda keng qo‘llanilib kelinadi.

Xalqaro tabiatni asrash tashkilotining (IUCN) ma'lumotiga ko‘ra, tashkilot tomonidan 320 mingga yaqin o‘simlik turi qayd etilgan bo‘lib, shundan 21 ming turdagisi tibbiyotda qo‘llanilmoqda.

Mamlakatimizda ham dorivor o‘simlik turlarini ilmiy asosda yetishtirish hamda qayta ishlashni tashkil etish, madaniy plantatsiyalarini barpo etishni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, kasalliklarni oldini olish va davolashda dorivor o‘simliklarni keng qo‘llash maqsadida O‘rmon xo‘jaligi agentligi huzuridagi Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy ishlab chiqarish markazi olim va mutaxasisslari tomonidan bir qator ilmiy-amaliy ishlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilda Markaz olim va mutaxassislari ishtirokida dorivor o‘simliklarning tabiiy holda tarqalgan areallari, zaxiralarini tadqiq etish hamda aniqlash maqsadida, Jizzax viloyatining Forish, Baxmal, Zomin, Xo‘jamushkent davlat o‘rmon ov xo‘jaliklari hamda G‘allaorol ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaliklari o‘rmon fondi yerlarida ekspeditsiya amalga oshirildi. Natijada, 2226,4 gektar tabiiy holda taraqalgan 46 turdagi dorivor o‘simliklar (buxoro bodomi, kiyik o‘t, qizil do‘lana, yovvoyi nok, kuchala, yelena kovragi, qora zira va shu kabilar) aniqlandi, elektron xaritalari yaratildi, gerbariy namunalari tayyorlandi, dorivorlar o‘sayotgan hududdan laboratoriya tahlillari uchun tuproq namunalari olindi.

O‘rmon fondi yerlaridan tabiiy holda o‘suvchi dorivor va oziq-ovqatbop o‘simliklarni xom-ashyosini yig‘ish uchun Ekologiya, atrof-muhitni mohofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan 1648,6 tonna kvota ajratildi. Tabiiy holda o‘suvchi dorivor va oziq-ovqatbop o‘simliklarni xom-ashyosini yig‘ish uchun Davlat xizmatlari markazlari orqali kelib tushgan murojaatlarga asosan 14 ta davlat o‘rmon xo‘jaliklariga 374,8 tonnaga Ruxsatnomalar rasmiylashtirib berilgan.

Markaz mutaxassislarining tavsiyalariga ko‘ra, hududlarning tuproq-iqlim sharoitini inobatga olgan holda, 20170 gektar tojik kovrak, 946.5 gektar achchiq bodom, 597.0 gektar isiriq, 416.9 gektar na'matak, 336.8 gektar qizilmiya, 329.6 gektar oshqavoq, 200.0 gektar sassiq kovrak, 163.0 gektar makka popugi, 54.4 gektar dalachoy, 40.0 gektar moychechak, 30.5 gektar tog‘rayhon va boshqa turdagi dorivor va oziq-ovqatbop o‘simliklari plantatsiyalari barpo etilgan.

Ma'lumot o‘rnida ta'kidlash lozimki, 2022−2026 yillarda 36 000 gektar maydonda qizilmiya, za'faron, kavrak, lavanda, steviya, moychechak, na'matak, ravoch, mavrak, dalachoy, tog‘rayhon, bo‘ymadaron, kiyik o‘ti, kovul, qalampir yalpiz va boshqa dorivor o‘simliklar yetishtirish bo‘yicha plantatsiyalari tashkil etiladi. Dorivor o‘simliklarning asosiy turlarini yetishtirishga ixtisoslashgan tumanlar ro‘yxati 2020 yilda tasdiqlangan. Har 10 gektar yer maydonidagi dorivor o‘simliklarning madaniy plantatsiyalariga suv chiqarish uchun burg‘ilangan quduq qazish, shuningdek, daryolar, kanallar hamda boshqa suv havzalaridan suvni tortish maqsadida nasos stantsiyasini qurishga suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash sharti bilan har bir metri uchun 600 ming so‘mdan, ammo 120 million so‘mdan oshmaydigan miqdorda subsidiya ajratiladi. 2025 yil 1 yanvarga qadar dorivor o‘simliklarni yetishtirishdan olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha jami daromadning kamida 80 foizini tashkil etadigan tadbirkorlik sub'ektlaridan olinadigan yer solig‘i, foyda solig‘i va mol-mulk solig‘i stavkalari 50 foizga kamaytiriladi.

Sohada ilmiy tadqiqot turlarini kengaytirish maqsadida, Markazning Dorivor o‘simliklar fitokimyosi va standartizatsiyasi laboratoriyasi uchun 500 mln.so‘mlik laboratoriya uskunalari va 40 mln.so‘mlik jixozlar xaridi amalga oshirildi hamda mahalliy va xalqaro jurnallar, anjumanlar hamda simpoziumlarda ilmiy maqolalar nashr etildi, shuningdek, Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ilmiy loyihalar tanlovlari uchun 1. “Andijon viloyati o‘rmon fondi yerlarida dorivor lavanda (Lavandula) va kovul (Cāpparis) o‘simliklarini yetishtirish hamda qo‘shimcha qiymat mahsulotlarini yaratish”, 2. “Toshkent va Navoiy viloyati o‘rmon fondi yerlarida dorivor godji LYCIUM L. o‘simligining qalamcha va urug‘dan ekish usullaridan foydalanib ko‘chat yetishtirish agrotexnologiyasini ishlab chiqish va ko‘chatchilikda utilizatsiyani qo‘llab funktsional qo‘shimcha qiymat mahsulotlari yaratish.” mavzusidagi amaliy loyihalar tayyorlanib Innovatsion rivojlanish agentligiga yuborilgan.