O‘rmon hududlarini ekologik tasniflash mavzusiga seminar o'tkazildi
22-fevral kuni Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida IDA Xalqaro taraqqiyot assosiatsiyasi ishtirokida “O‘zbekistonning barqaror landshaftlarini tiklash” (RESILAND) loyihasining 2-komponenti – “Landshaftlar va aholining turmush sharoiti barqarorligini oshirish” doirasida “O‘rmon hududlarini ekologik tasniflash” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
Tadbirda davlat idoralari vakillari, xalqaro ekspertlar va ilmiy tadqiqotchilar ishtirok etdi. Seminar-treningni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining birinchi o‘rinbosari O.Qudratov ochib, bugun o‘rmonlarni qayta tiklash iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish, biologik xilma-xillikni saqlash va tuproq eroziyasining oldini olishga xizmat qilishini ta’kidladi.
O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori E. Muhiddinov ekologik tasniflash jarayonlarini zamonaviy yondashuvlar asosida amalga oshirish ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim ekanligini e’tirof etdi.
“Biz ushbu bosqichlarni samarali amalga oshirish orqali tabiiy resurslarni saqlash va tiklashga erishamiz”, – dedi E. Muhiddinov.
Ishtirokchilar ROAM (Restoration Opportunities Assessment Methodology) – Qayta tiklash imkoniyatlarini baholash metodologiyasi bilan tanishib, uning o‘rmon hududlarini tiklash strategiyalarini ishlab chiqishda muhim vosita ekanligini muhokama qilishdi. Shuningdek, ekologik tasniflash asosida o‘rmon xo‘jaligini samarali boshqarish va bu jarayonda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Seminar yakunida ishtirokchilar O‘zbekistonda ekologik tasniflash asosida o‘rmon xo‘jaligini samarali boshqarish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqishdi. Bundan tashqari, mamlakatda barqaror landshaftlarni tiklash va o‘rmonlarni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan kelgusi vazifalar belgilab olindi.