Qidirish
03/02/25, 15:23
252

Oʻrmon xoʻjaligi sohasida ilk bor fuqarolar uchun ochiq qabul oʻtkazildi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi agentligi direktori Erkin Muhiddinov tomonidan Qoʻqon davlat oʻrmon xoʻjaligi faoliyati haqida qilingan murojaat yuzasidan fuqarolar qabuli oʻtkazildi.

Yigʻilishda Ekologiya vazirligi masʼullari, Oʻrmon xoʻjaligi agentligi rahbar va mutaxassislari, Qoʻqon davlat oʻrmon xoʻjaligi xodimlari, murojaatchi fuqarolar hamda blogerlar ishtirok etdi.

Erkin Muhiddinov yigʻilishni kirish soʻzi bilan ochib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbusi bilan mamlakatimizda yashillik darajasini oshirish, hududlarda oʻrmonlashtirish ishlarini yanada kengaytirish masalalariga jiddiy eʼtibor qaratilayotgani, bu esa yurtimizda ekotizimlarni mustahkamlash, iqlim oʻzgarishlari oqibatlarini yumshatish hamda aholi farovonligini yaxshilashga xizmat qilishini taʼkidladi.

“Bundan keyin Oʻrmon xoʻjaligi agentligi faoliyati ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida tashkil etiladi, har bitta murojaat tegishli tartibda toʻliq oʻrganiladi va adolatli qarorlar qabul qilinadi. Bugungi qabul mana shu fikrlarning amaliy tasdigʻidir", – dedi E.Muhiddinov.


Aytish joizki, joriy yilning 10-yanvar kuni bir nechta fuqarolar Agentlikka Qoʻqon davlat oʻrmon xoʻjaligi faoliyatida yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklar yuzasidan shikoyat arizasi yoʻllagan edi. Shundan soʻng Ekologiya vazirligi va Agentlik masʼullaridan iborat ishchi guruh tuzilib, murojaatda keltirilgan holatlar belgilangan tartibda oʻrganilgan.

Yigʻilishda navbati bilan har ikki tomonning shikoyat va vajlari toʻliq tinglandi. Qabul davomidagi murojaatlar asosan ijara shartnomasi asosida yer maydonlaridan maqsadli foydalanish, hududdagi noqonuniy qurilishlar hamda koʻchatchilikni rivojlantirish kabi masalalardan iborat boʻldi.

Tadbir soʻngida Erkin Muhiddinov har bitta murojaat xolislik bilan oʻrganilishi, holatlar boʻyicha toʻplangan materiallar tegishli tartibda huquq tartibot organlariga taqdim etilishini bildirdi. Shuningdek, joriy yildan boshlab, Davlat rahbarining tegishli topshirigʻiga muvofiq kambagʻallikni qisqartirish maqsadida oʻrmon xoʻjaligi hududidagi maydonlardan mahalliy aholi uchun tegishli tartibda yerlar berilishini taʼkidladi.

Oʻz navbatida yishilishda qatnashgan fuqarolar ham oʻtkazilgan qabul ochiq va xolis tashkil etilganligi, tomonlardan har birining muammolari toʻliq eshitilib, ijroga qaratilayotgani uchun Oʻrmon xoʻjaligi agentligi rahbariyatiga minnatdorligini bildirishdi.

Maʼlumot oʻrnida, 2025-yilning 10-yanvar kuni Agentlikka Qoʻqon davlat oʻrmon xoʻjaligi faoliyatidagi kamchiliklar yuzasidan kelib tushgan shikoyat arizasi ishchi guruh tomonidan oʻrganilgan. Toʻplangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuborilgan.