O'rmon xo'jaligi sohasida mehnat qilayotgan xodimlar taqdirlandi
Kecha Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish Universiteti (Green University)da 21-mart - “Xalqaro o‘rmonlar kuni” munosabati bilan xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Forumda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori Erkin Muhiddinov, Bosh prokuror o'rinbosari Sherzod To'xtaboyev, Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi raisi Xayrullo Gapporov, soha xodimlari, xalqaro ekspertlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Forumni Ekologiya vaziri A.Abduhakimov kirish so‘zi bilan ochib, mamlakatimizda o‘rmonzorlar barpo etish, yashillik darajasini oshirish borasida sohada amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, o‘rmon hududlarini kengaytirish va ularni qayta tiklash hozirgi kunda har qachongidan ham muhim ekanligi, ekologiyani muhofaza qilish barchaning burchi ekanligini ta’kidladi.
“Qayd etish joizki, yurtimizda davlat rahbari tashabbusi bilan ekologiyani yaxshilashga, xususan, o‘rmonlarni asrab qolishga va ko‘paytirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, biz barchani ko‘proq daraxt ekishga chorlamoqdamiz, daraxtlarni asrab-avaylash muhimligi haqida doim gapiryapmiz. Shuningdek, bunga bevosita yoshlarni ham jalb qildik, yaqinda daraxtlarni xatlovdan o‘tkazish borasida ko‘ngilli yoshlarni o‘qitdik va ishga jalb qilmoqdamiz. Ya’ni, o‘rmonlarni ko‘paytirish faqat bir tashkilot yoki bir kishining emas, butun jamoatchilikning ekologik mas’uliyati, burchi. Bu borada birgalikda harakat qilsakgina kerakli natijaga erisha olamiz,” - dedi A.Abduhakimov.
Vazir o‘rmon xo‘jaligi sohasida mehnat qilib kelayotgan xodimlarni ushbu sana bilan samimiy tabriklab, kelgusi faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tiladi.
Forumda so'zga chiqqan Bosh prokuror o'rinbosari Sherzod To'xtaboyev ham soha fidoiylarini bayram bilan tabriklab, mehnat faoliyatlarida yuksak muvaffaqiyatlar tiladi. Shu bilan birga, atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi hamkorlik yanada samarali bo'lishiga ishonch bildirdi.
Tadbirda O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori Erkin Muhiddinov so‘zga chiqib, o‘rmon xo‘jaliklarida amalga oshirilayotgan ishlar, cho‘llanishning oldini olish, o‘rmonlarni qayta tiklashda o‘rmonchi xodimlar ko‘rsatayotgan xizmatlar katta ekanligini ta’kidladi.
“Bugungi kunda iqlim o‘zgarishlari, cho‘llanish va ekologik muammolar tufayli o‘rmonlarni asrash masalasi yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ekologik barqarorlikni ta’minlash, o‘rmon xo‘jaligini izchil boshqarish, yangi o‘rmonzorlar barpo etish, mavjudlarini saqlab qolish va qayta tiklash muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Shu fursatdan foydalanib, Xalqaro o‘rmonlar kuni munosabati bilan sohada mehnat qilib kelayotgan fidoyi hamkasblarimizni chindan dildan tabriklayman,” - dedi E.Muhiddinov.
Shundan so‘ng sohada uzoq yillardan buyon samarali faoliyat yuritib kelayotgan 43 nafar xodimlar “O‘rmon faxriysi” ko‘krak nishoni va “Ekologiya fidoyisi” faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi.
Qayd etish lozimki, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligi tomonidan o‘tgan 2024-yilda mamlakatimizda o‘rmonlar hududini kengaytirish, yashillik darajasini oshirish, iqlim o‘zgarishlari muammolariga qarshi kurashish va ularning salbiy oqibatlarini yumshatish hamda cho‘llanishning oldini olish maqsadida bir qator ijobiy ishlar bajarilgan. Joriy yilda ham bu sa’y-harakatlar belgilangan rejaga asosan tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.
Xalqaro forum doirasida zoom platformasi orqali davom etgan muzokaralarda Rossiya Federatsiyasi O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori Sovetnikov Ivan Vasilevich hamkorlik loyihalari haqida so‘z yuritib, barchani Xalqaro o‘rmonlar kuni bilan samimiy tabrikladi.
Shuningdek, forumda folklor san’ati namunasi hisoblangan laparlar ijro etildi. O‘rmonchilar yetishtirayotgan dorivor va boshqa mahsulotlar ko‘rgazmalari tashkil etildi. Tadbir davomida namoyish qilingan rejissyor Tojiboy Isroilov tomonidan sahnalashtirilgan “Ota ekkan daraxt” spektakli barchada iliq taassurot qoldirdi. Forum yakunida A. Abduhakimov va Bosh prokuror o‘rinbosari Sh.To‘xtaboyev universitet hovlisiga daraxt ekishdi.