Qidirish
25/01/25, 12:24
197

Oʻrmon xoʻjaliklari faoliyatiga bag'ishlangan seminar o'tkazilmoqda

24-25-yanvar kunlari Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi agentligi tomonidan 2025-yil – “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” munosabati bilan oʻrmon xoʻjaliklarini rivojlantirish, amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar muhokamasiga bagʻishlangan amaliy seminar o'tkazilmoqda.


Toshkent viloyatining Bo’stonliq tumanida o’tkazilayotgan seminarda Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov, Oʻrmon xoʻjaligi agentligi direktori Erkin Muhitdinov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda faoliyat koʻrsatayotgan 79 ta hududiy oʻrmon xoʻjaliklari rahbarlari, shuningdek, Jahon banki, BMTning oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO), KOICA va Suppro Ltd. kompaniyasi vakillari, mutaxassis olimlar hamda OAV vakillari ishtirok etmoqda.

Seminarning ochilish marosimida nutq so’zlagan Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov Prezident tashabbusi bilan o’rmonlarni asrab qolish borasida bir qancha ijobiy o’zgarishlar yuz berayotganini ta’kidladi.

“Oxirgi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan daraxtlarni kesishga qarshi nazorat kuchaytirildi, buning uchun javobgarlik oshirildi, moratoriy e’lon qilindi. Yurtdoshlarimiz daraxtni shunchaki kesib bo’lmasligini, bu qonunan taqiqlanganligini va qat’iy javobgarlik belgilanganini tushunishyapti”, - dedi vazir.

Shuningdek, A.Abduhakimov o’rmon xo’jaliklari faoliyatiga tanqidiy-tahliliy yondashib, sohada ayrim kamchiliklar, qonunbuzarlik holatlari saqlanib qolayotganligini va ularni bartaraf etish birinchi galdagi vazifa ekanligini ta’kidladi.


“Bugun yerlarning degradatsiyaga uchrashi, o’rmonzorlarning yo’qolishi, cho’llanish butun dunyoda eng global ekologik muammoga aylandi. Mazkur muammo, ayniqsa, Markaziy Osiyo mintaqasiga juda katta salbiy ta’sir ko’rsatmoqda. Yagona yechim esa o’rmonlarni saqlab qolish va ularni ko’paytirishdir. Shuning uchun barcha o’rmon xo’jaliklarida har qanday turdagi qonunbuzarlik holatlariga chek qo’yishimiz lozim. Agar bugun daraxtlarni kesish holatlarini bartaraf etmasak, o’rmonlarni asrab qololmasak, bu kelajakda fojiali holatlarga olib kelishi muqarrar. Qolaversa, kelajak avlod ham bizni kechirmaydi”, - dedi vazir.

Shuningdek, vazir o’rmon xo’jaliklari rahbarlari bilan muloqot qilib, ularning fikr va takliflarini tingladi. Sohada zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, daraxt ekish va koʻchatlarni parvarishlash ishlari, oʻrmon xoʻjaligini samarali boshqarish masalalari muhokama qilindi.

“O’rmonchilar uchun bunday darajadagi seminar birinchi marta o’tkazilmoqda. Soha xodimlari o’zaro fikr almashishmoqda, muammolar, kamchiliklarga birgalikda yechim izlanmoqda, mutaxassislar, olimlar o’z takliflarini bildirishmoqda. Ya’ni bu seminar fikr va tajriba almashish, soha xodimlarining uzilib qolgan aloqalarini, hamfikrliligini qayta tiklashga imkoniyat bermoqda. Qolaversa, 2025-yilda o’rmonzorlarni kengaytirish uchun, hammamiz uchun birdek manfaatli bo’lgan maqsadlarni belgilab olyapmiz. Bu seminar bizga juda katta turtki berdi”, - dedi Buxoro davlat o’rmon xo’jaligi agentligi direktori Rustam Ochilov.

Seminar davomida O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori Zinoviy Novitskiy Orolda o’rmonlarni rivojlantirish, turkiyalik xalqaro ekspert Ahmad Yalvach esa o’rmonlarni ko’paytirishda Turkiya tajribasiga bag’ishlangan taqdimotlar o’tkazdi.

Seminar davom etmoqda.