Qidirish
27/01/25, 15:28
179

O‘rmon xo‘jaliklarini rivojlantirishda xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi

24–25-yanvar kunlari Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi agentligi tomonidan 2025-yil – “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” munosabati bilan oʻrmon xoʻjaliklarini rivojlantirish, amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar muhokamasiga bagʻishlangan amaliy seminar o'tkazildi.

Seminarda nutq so‘zlagan Aziz Abduhakimov Prezident tashabbusi bilan o’rmonlarni asrab qolish borasida bir qancha ijobiy o’zgarishlar yuz berayotganini ta’kidladi. Biroq, shunga qaramay, sohada hamon ayrim kamchiliklar saqlanib qolayotganini tanqid ostiga oldi. (https://t.me/ecogovuz/46265)


Tadbirning birinchi kunida turli muhokamalar, shuningdek, O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori Zinoviy Novitskiy va turkiyalik xalqaro ekspert Ahmad Yalvachning o’rmonlarni ko’paytirishga oid taqdimotlari o‘tkazildi.

Tadbirning ikkinchi kunida esa “Oʻrmon xoʻjaligi sohasida xalqaro hamkorlik yanada rivojlantiriladi” mavzusida seminar tashkil etildi. Unda ishtirok etgan Ekologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Obidjon Qudratov xalqaro hamkorlikning oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirishdagi ahamiyati, xorijiy tajriba va resurslardan foydalanish muhim ekanligini taʼkidladi.


O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori Erkin Muhitdinov esa Jahon banki loyihalari, KOICA bilan birgalikda amalga oshirilayotgan smart-oʻrmonchilik tashabbuslari, shuningdek, FAO tomonidan moliyalashtirilayotgan oʻrmonlar va yaylovlarni barqaror boshqarish loyihalari mamlakatimizda ekologik muhitni yaxshilash va tabiat resurslarini samarali boshqarish borasidagi muhim qadamlar ekanligini qayd etdi.

Jahon banki mutaxassisi Asferachyu Abate Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar nafaqat tabiat muhofazasi, balki aholining turmush darajasini oshirish uchun ham ulkan imkoniyatlar yaratayotganini qayd etdi.


Ma'lumot uchun, Jahon bankining "Resilient Landscapes for Sustainable Livelihoods in Uzbekistan" loyihasi oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish va landshaftlarni qayta tiklashga qaratilgan. Loyihada oʻrmon xoʻjaligini institutsional mustahkamlash, oʻrmonlarni raqamli monitoring qilish, qishloq aholisi uchun oʻrmon xoʻjaligidan daromad olish imkoniyatini yaratish, dorivor oʻsimliklar yetishtirish va qiymat zanjirlarini rivojlantirish hamda boshqa muhim vazifalar ko‘zda tutilgan.

Seminarda KOICA (Koreya xalqaro hamkorlik agentligi) tashabbusi bilan 2024–2028-yillarda amalga oshiriladigan loyihaga ham e'tibor qaratildi. Loyihada smart texnologiyalar yordamida oʻrmonlarni qayta tiklash, 6 ta smart issiqxona qurish, 1,7 mln tup xandon pista koʻchatlarini yetishtirish, 5 gektar maydonda pistachilik ilmiy-tadqiqot stansiyasi tashkil etish, shaharlarni koʻkalamzorlashtirish, 5 gektar hududda maxsus daraxt koʻchatxonalari barpo qilish, 50 gektar maydonda shaharlar uchun moslashtirilgan koʻchatlar yetishtirish, 300 000 tup daraxt oʻstirish kabi maqsadlar ko‘zda tutilgan. KOICA mutaxassisi Yoon Taegseung loyiha ekologik muhitni yaxshilash va aholi uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilganini ta’kidladi.


FAO bosh texnik maslahatchisi Narimon Nishonov esa tashkilot bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan o‘rmonlar va yaylovlarni barqaror boshqarish loyihasi mamlakatimizning iqlim o‘zgarishiga moslashish va tabiiy resurslardan samarali foydalanishga yo‘naltirilganligini aytib o‘tdi.

Ta'kidlash joizki, mazkur xalqaro loyihalar O‘zbekistonda o‘rmon xo‘jaliklarini barqaror rivojlantirishda muhim hisoblanadi. Asosiysi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bu kabi islohotlar ekologik barqarorlikni ta'minlash va iqtisodiyotda "yashil" loyihalar ulushining sezilarli ortishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Seminar yakunida kelgusida bajarilishi kerak bo‘lgan vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, ishtirokchilarga tashakkurnoma va sertifikatlar topshirildi.