O‘rmonlarda favqulodda vaziyatlarning oldini olish masalalari muhokama qilindi
24-yanvar kuni Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida Oʻrmon xoʻjaligi agentligi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamkorligida “Atrof-muhit va xavfsizlik yoʻlidagi hamkorlik” mavzusida amaliy seminar boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oʻrmon xoʻjaligi agentligi direktori Erkin Muhitdinov, Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi oʻrinbosari, Shtab boshligʻi polkovnik Sanjar Zufarov hamda mutasaddilar ishtirok etdi.
Seminar davomida oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish, tabiiy resurslarni muhofaza qilish va butun dunyoda sodir bo’layotgan yong’inlar misolida favqulodda vaziyatlarning oldini olish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, ikki tashkilot oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va favqulodda vaziyatlarda oʻrmon xoʻjaliklari bilan bogʻliq xavf-xatarlarni kamaytirish boʻyicha takliflar ilgari surildi.
“Oʻrmonlar nafaqat ekologiya, balki iqtisodiyot va xavfsizlik uchun ham muhim ahamiyatga ega. Bizning asosiy vazifamiz – tabiatni muhofaza qilish, resurslardan oqilona foydalanish va kelgusi avlodlar uchun sof muhit yaratishdir,” – dedi Erkin Muhitdinov.
Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi oʻrinbosari Sanjar Zufarov esa oʻrmon yongʻinlari nafaqat tabiatga, balki insonlarga ham jiddiy tahdid solishini ta’kidladi.
“Biz bu xavflarni bartaraf etish uchun zamonaviy texnika va metodlarni joriy etishimiz shart. Bugungi seminar soha mutaxassislari uchun tajriba almashish va xavflarni kamaytirish yoʻlida muhim qadam boʻldi”, – dedi u.
Tadbir davomida FVV mutaxassislari tomonidan maxsus texnika va uskunalardan foydalanish boʻyicha amaliy va koʻrgazmali mashgʻulotlar tashkil etildi. Mutaxassislar oʻrmon xoʻjaliklarida yongʻin sodir boʻlganda uni bartaraf etish, shuningdek, togʻli hududlarda suv yetkazib berish uchun moʻljallangan zamonaviy uskunalar namoyish etildi.
Seminar yakunida sohada amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, kelgusida qilinishi kerak bo’lgan chora-tadbirlar belgilab olindi.