Qidirish
29/01/24, 12:29
1112

O‘rmonlarni barpo qilish o‘z qo‘limizda!

Bugun olayotgan toza havoda, iste'molimizdagi tabiiy mevalarni yetishtirishda o‘rmonlarning ahamiyati katta.

O‘rmonlarni inson o‘z qo‘li bilan ko‘paytirishi yoki yo‘q qilishi mumkin. O‘rmonlar sayyoramizda uglerodni saqlovchi muhim omillardan biri hisoblanadi. Lekin o‘rmonlarni kesish natijasida havoda katta miqdorda karbonat angidrid gazi hosil bo‘lishi iqlimimizning o‘zgarishiga olib kelmoqda. Buning oldini olishning yagona yo‘li o‘rmonlarni ko‘paytirishdir. O‘rmonlar iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatishga yordam beradi. Ular nafaqat zaharli gazlarni kamaytirishga balki barqaror landshaftlarni shakllantirish orqali suv rejimini, qishloq xo‘jaligi uchun tuproq holatini yaxshilanishiga hamda dengiz suvi sathini ko‘tarilishi va shunga o‘xshash ekstremal ob-havo sharoitlarida yordam beradi.

Ma'lumki ihota o‘rmonzorlari shamolning harakatini kamaytiradi va tuproqdagi namni bug‘lanib ketishdan, uning ustki qatlamlarini shamol uchirib ketishidan saqlaydi, ko‘chma qumlarning harakatini kamaytiradi, tog‘ yonbag‘irlaridagi tuproqni sel yuvib ketishi ya'ni eroziyadan asraydi.

O‘rmon barpo etishda har qaysi daraxt va butaning biologik, ekologik xususiyatlarini o‘rganish va xo‘jalikdagi ahamiyatini yaxshi bilish lozim. Bu ulardan to‘g‘ri foydalanishga yordam beradi. Cho‘l zonasiga qaysi daraxt va buta turlari, tog‘ zonasiga va aholi yashash joylarida qanday daraxt turlarini ekish zarurligini yaxshi bilgan holda ularni ekish tavsiya etiladi.

Bugungi kunda Orolning qurigan tubida o‘rmon barpo etish bo‘yicha tadqiqotlar olib boradigan labarotiriya faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bunda xar xil tuproq sharoitida ixota o‘rmonlari barpo etish agrotexnikasi ishlab chiqilgan. Shu yerda o‘sishi mumkin bo‘lgan o‘simlik turi, ihota o‘rmonlarinining deflyatsiyaga qarshi bo‘lgan xususiyatlari, ularning ekologik ahamiyati, qayta tiklanishi, ozuqa miqdori, fiziologik ko‘rsatkichlari aniqlangan.

Ihotazorlaring ahamiyati kattaligi bois, so‘nggi yillarda ixota o‘rmonlarini barpo etishga katta e'tibor qaratilmoqda. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, o‘rmon ixotazorlari ta'sirida tabiiy ravishda o‘simliklar bilan qoplanishi jarayoni 2-3 barobar tezroq kechadi. O‘rmon ixotazorlari mikroiqlimni mo‘tadillash bilan bir qatorda yaylovzorlar unumdorligini xamda ozuqalik sifatini 2-3 barobar oshiradi. O‘rmon ixotazorlari havodagi zararli bo‘lgan zarrachalarni ushlab, atmosferani bir muncha tozalaydi.

Orol dengizining qurib qolishi jarayonida millionlab gektar maydonlarda kuchli sho‘rlangan qumli maydonlar paydo bo‘ldi. Ushbu maydonlardan atmosferaga har yili 100 milliondan ortiq tuz, chang va qumli zarralari ko‘tarilib nafaqat O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston balki qo‘shni respublikalargacha borib tushmoqda. O‘rmon butalari o‘zining atrofida qumni yig‘ib ularni uzoq masofalarga uchib borishiga to‘sqinlik qiladi. Cho‘lda o‘sadigan butali o‘simliklarni yoshi kattalishib borib, qumni yig‘ishi ham ortadi. 20 yasharli qora saksovulning 1 tupi 3,93 m3 qumni o‘z shox-shabbasini ostiga yig‘gan, Rixter cherkezi 2,1 m3 ni, qizil qandim 32,3 m3, yulg‘un 7,5 m3, qumni yig‘gan - dedi, Ihota o‘rmonlari va o‘rmon melioratsiyasi laboratoriyasi kichik ilmiy xodim Atadjanova Guzal Xolmatovna

Dengizning qurigan tubida ekilgan bo‘yi o‘rtacha 2-3 m, shox shabbasining diametri 2 m ga teng bo‘lgan qora saksovul 0.63 m3 qumni saqlab qolgan bu esa 1 tonnani tashkil etadi. Bir gektardagi saksovulzor 475 tonna qumni o‘z shabbalarining ostiga yig‘gan. 7 yillik qandim butasi o‘z atrofiga 2,25 m3, saksovul 1,03 va cherkez 1,77 m3 qumni yig‘adi.

Degradatsiyaga uchragan ushbu maydonlarda deflyatsiya jarayonini yumshatish maqsadida o‘rmon ekish yo‘li bilan yaylovlar barpo etish mumkin. Yaylovlarni barpo etish uchun yaroqli asosiy ozuqaviy o‘simliklardan chug‘on, teresken, boyalich, keyreuk, izenь, selin, baland bo‘yli butalardan saksaul, cherkez, qandimlar tavsiya etiladi. Bundan tashqari yana bir muxim narsani aytib o‘tishimiz kerak cho‘l zonasi o‘ta qurg‘oqchil zona hisoblanganligi uchun o‘simliklarni ko‘karuvchaligini oshirish maqsadida ularni ekish vaqtida nam saqlovchi polimer nanoyelimlardan foydalanish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Polimer nanoyelimlardan foydalanish nihollarning unuvchanligini 90% ga oshiradi va tuproq namligi bir necha martaga ortib o‘simliklar soni 2-3 martaga ko‘payadi.