O‘rmonlarni qayta tiklashga bag’ishlangan xalqaro seminar bo‘lib o‘tmoqda
Hilton Toshkent mehmonxonasida “O‘zbekistonda o‘rmonlarni qayta tiklash hamda uglerod neytralligiga erishish uchun o‘rmon uglerod kreditlaridan foydalanish strategiyalari” mavzusida xalqaro seminarga start berildi. Uch kun davom etadigan ushbu tadbir Ekologiya vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligi tomonidan Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda. Seminarning birinchi kunida O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori Erkin Muhiddinov, KOICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Shin Myung Seop, boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar ekspertlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekistonda o‘rmоnlar maydoni mamlakat hududining 8 foizini tashkil qiladi. Bu esa o‘rmonlashtirish ishlarini tizimli amalga oshirishni taqozo etadi. Bugun dunyoning ko‘pgina mintaqalarida cho‘llanish va yerlаrning degradatsiyaga uchrashi tufayli iqlim o‘zgarishi bilan bog’liq muаmmоlаr yuzagа kelmoqda. Cho‘llanishning oldini olish, bioxilmaxillikni saqlash va o‘rmonlarni qayta tiklash ekologik muammolarga qarshi kurashishda muhim omil hisoblanadi. Bundan tashqari, uglerod kreditlaridan samarali foydalanish turli salbiy oqibatlarning oldini olishda ijobiy natija berishi mumkin.
Seminarning ochilishida so‘zga chiqqan O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori Erkin Muhiddinov bugun global iqlim o‘zgarishi sharoitida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim jihatlarga to‘xtaldi.
“O‘rmon xo‘jaliklari tomonidan 2024-yilda 255 ming gektar maydonda o‘rmon barpo qilish va qayta tiklash tadbirlari amalga oshirildi. Jumladan, Orol dengizining qurigan tubida va Orolbo‘yi hududlarida 215 ming gektar maydonda “yashil qoplama”lar barpo etildi. Shuningdek, dorivor va oziq-ovqatbop o‘simliklar plantansiyasi 5628 gektarga yetkazilib, 9667 tonna mahsulotlar yetishtirildi, ushbu yo‘nalishlardagi ishlar joriy 2025-yil – “Atrof-muhitni saqlash va “yashil” iqtisodiyot yili”da ham tizimli ravishda davom ettiriladi,” dedi E. Muhiddinov.
Seminarda ko‘chatchilikni rivojlantirish, o‘rmon urug’chilik bazalarini tashkil etish hamda hududlarda “In-vitro” usulida ko'chat yetishtirish laboratoriyalarini yaratish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Tadbir o‘zaro tajriba almashish va hamkorlikni keng yo‘lga qo‘yish imkonini taqdim etganligi bilan ahamiyatli bo‘ldi.