Qidirish
11/04/23, 15:00
930

Orol dengizi qurishi nafaqat mintaqa, balki global darajadagi ekologik ofat markaziga aylandi

Ma’lumki, Orol dengizi va Orolbo‘yi hududi ma’muriy jihatdan O‘zbekiston va Qozog‘iston hududida joylashgan bo‘lib, Amudaryo va Sirdaryoning quyi qismi hamda dengiz atrofidagi hududlarni, shuningdek, dengiz sathining pasayishi natijasida uning shimoli-sharqiy va janubiy qismida vujudga kelgan Orol cho‘lini o‘z ichiga oladi.

Oxirgi yillarda Orol dengizining suvi qurigan hududida Favqulodda vaziyatlar vazirligi, mahalliy hokimliklar bilan birgalikda global ekologik muammoning oldini olish va aholining ijtimoiy-iqtisodiy yashash tarzini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlari olib borildi.

Mamlaktimizda belgilangan qonunchilikka ko‘ra, ekologik holatni yaxshilash, Orol dengizining suvi qurigan tubi va Orolbo‘yi mintaqasidan ko‘tarilayotgan qum, tuz va chang zarrachalarining salbiy ta’sirini kamaytirish, ushbu hududlarda cho‘l o‘simliklaridan “yashil qoplamalar” — barpo etish ishlarini izchillik bilan davom ettirish hamda global iqlim o‘zgarishlarining salbiy ta’sirini yanada yumshatish maqsadida barcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, o‘tgan 2022 yilda 107 ming gektar maydonda saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklaridan “yashil qoplamalar” barpo etildi. Jami 590,3 tonna, shundan 391 tonna mahalliy aholi tomonidan cho‘l o‘simliklarining urug‘lari jamg‘arildi, 100 gektar saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklaridan niholxonalar tashkil etildi hamda 635 nafar ishchi-xodimlar, 250 dona yuqori unumli traktorlar va 2 dona kichik aviatsiya (AN-2) jalb etildi.

Shuningdek, ushbu barpo etilgan “yashil qoplamalar” soha olimlari doimiy monitoring qilinib, cho‘l o‘simliklarining ko‘karishi bo‘yicha yaxshi natijalarga erishilmoqda.

2023 yil bahor mavsumining o‘zida 125 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” barpo etildi. Buning uchun, 541 tonna cho‘l o‘simliklarining urug‘lari jamg‘arildi. Ushbu o‘rmon-meliorativ tadbirlarini amalga oshirish uchun ixtiyoriy ravishda 500 nafar ishchi-xodimlar, 200 dona yuqori unumli traktor va mexanizmlar, 2 dona kichik aviatsiya (AN-2 amalyotlari) va 2 dona deltaplan jalb etilgan. Bu borada yetarli tajribaga ega bo‘lgan O‘zbekistonga dunyo hamjamiyati qiziqmoqda.

Xususan, 40 dan ortiq xorijiy davlatlarning elchilari Orolbo‘yi hududlari bilan tanishish maqsadida Mo‘ynoqga keldi. Ularni Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay O‘rinboyev kutib oldi. O‘rmon xo‘jaligining vakillari G‘.Qurbonov va Z.Navitskiy tomonidan Mo‘ynoq tumanining cho‘l hududlarida amalga oshirilgan o‘rmonlashtirish ishlari, cho‘l o‘simliklarining biologiyasi va boshqalar to‘g‘risida so‘zlab va joyida ko‘rsatib berildi.

Qayd etilishicha, o‘tgan yillar davomida Orol dengizi maydoni 1960 yilgacha 6,6 million gektarni tashkil etgan. Ayni paytda, 5,5 million gektar maydonni qurg‘oqchilik egallab, Orolqum sahrosi paydo bo‘ldi. Dengiz qurishi va sho‘rlanishning tezlashuvi oqibatida so‘nggi yillarda 50 ming gektarga yaqin ekin maydoni qishloq xo‘jaligida foydalanishga yaroqsiz bo‘lib qoldi.

Bu holat bugungi kunda nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasining, balki butun dunyo xalqlarining ham muammosiga aylandi. Shu bois hamjihatlikda ekinzorlar uchun suv resurslaridan unumli foydalanish texnologiyalarini ishlab chiqish zarur, aks holda, ushbu jarayon davom etaveradi. To‘g‘ri, ekologiya ta’sirini yumshatish borasida yurtimizda ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Qurg‘oqchilik egallagan joylarga urug‘ sepish, nihol o‘tqazish orqali saksovullar va tabiiy cherkez, efedra (qizilcha) o‘simliklari ko‘payib bormoqda.