Orol dengizi tubida himoya o‘rmon plantatsiyalarini yaratish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi o‘rganilmoqda
Orol dengizining qurishi muammosi, uning qurigan tubida allaqachon o‘rmon plantatsiyalari yaratilgan, ammo ular hali juda kam va qumlarning osongina ko‘chishidan himoya qila olmaydi. Bugungi kunda o‘rmon plantatsiyalarini yaratish maqsadida bir qancha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ma'lumot o‘rnida ta'kidlash lozimki, bugungi kunda O‘zbekistonda Orolbo‘yida o‘rmon plantatsiyalarini yaratish bo‘yicha katta amaliy tajriba to‘plangan. Ayni paytda O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy ishlanmalari asosida Orol dengizi tubida 1 million 730 ming gektar o‘rmon plantatsiyalari yaratilmoqda.
Astana Agrar universiteti o‘rmon xo‘jaligi fakulьteti magistrlari Orol dengizi tubida himoya o‘rmon plantatsiyalarini yaratish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini o‘rganish maqsadida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, akademik Zinoviy Novitskiy taqdimot ishlari va video materiallarini namoyish qilib, talabalarga ma'ruza o‘qidi.
Ma'ruza doirasida magistrlarga O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi Orol dengizi tubining o‘rmon meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha yagona tizim ishlab chiqish, shuningdek, himoya o‘rmon plantatsiyalarini yaratish bo‘yicha kompleks tavsiyalar berish taklif qilindi. Shu bilan birga, cho‘l o‘simliklari ko‘chatlarini yetishtirish markazlarini tashkil etish zarurligi muhokama qilindi. Tashrif yakunida Qozog‘iston tomonidan O‘zbekistondan o‘rmon plantatsiyalarini yaratish bo‘yicha amaliy tavsiyalar so‘raldi.
Ta'kidlash joizki, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida bu borada tajriba almashish muntazam ravishda olib borilmoqda. Universitet talabalari O‘zbekistonda cho‘l o‘simliklarini yetishtirish, o‘rmon plantatsiyalarini yaratish va Orol dengizi tubiga salbiy ta'sir ko‘rsatishning oldini olish usullari hamda texnologiyalarini qiziqish bilan o‘rganmoqda.