Orolbo‘yi hududlarida bahorgi ko‘chat ekish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda
Orolbo‘yi mintaqasida ekologik barqarorlikni ta’minlash va cho‘llanishning oldini olish maqsadida tizimli ravishda o‘rmonlar barpo etish ishlari amalga oshirilmoqda. Shu kunlarda bahorgi ko‘chat ekish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida saksovul, shumtol, qayrogoch, yulg‘un kabi suvsizlikka chidamli va tuproqni mustahkamlash xususiyatiga ega daraxtlar ekish ishlari olib borilmoqda.
O‘rmon xo‘jaligi agentligi bosh mutaxassisi Zafar Eshonqulovning ta’kidlashicha, ushbu tadbirlar nafaqat tabiatni muhofaza qilish, balki ijtimoiy jihatdan ham muhim ahamiyatga ega. Ekologlarning fikricha, mahalliy iqlimga moslashgan daraxtlarning ekilishi havoni tozalashga, tuproq namligini saqlashga yordam beradi.
Tog’oldi hududlarda bodom, pista va boshqa mevali daraxtlar ekish rejalashtirilgan. Bu orqali tuproq unumdorligini oshirish, atmosferaga chiqadigan karbon gazlarini kamaytirish va ekologik muvozanat barqarorligini ta’minlash maqsad qilingan.
2025-yilda respublika bo‘yicha 200 milliondan ortiq ko‘chat ekish rejalashtirilgan. Buxoro va Navoiy viloyatida joylashgan Qorako‘l va Jondor davlat o‘rmon xo‘jaliklarida niholxona barpo qilish uchun yer maydonlari tayyorlanib, saksovul urug‘larini tozalash va ekish, terak qalamchalarini tayyorlash ishlari amalga oshirilmoqda. Ahamiyatlisi, joriy yilda 18 ta davlat o‘rmon xo‘jaligi ko‘chat yetishtirishga ixtisoslashtirilgan xo‘jaliklarga aylantiriladi.
O‘rmon xo‘jaliklarida zamonaviy agrotexnologiyalar joriy etilmoqda. Bu esa ko‘chatlarning tez muddatda yetishtirilishini ta’minlash, iqlim sharoitiga chidamli turlarni o‘stirish va umumiy ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim hisoblanadi.
Ekologik barqarorlikni ta’minlash yo‘lida olib borilayotgan bu ishlar O‘zbekistonning kelajak avlodga yashil va sog‘lom muhit qoldirish yo‘lidagi tashabbuslarining amaliy ifodasidir.