Qidirish
06/02/24, 13:54
1680

O‘tgan 2023 yilda Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy-ishlab chiqarish markazi tomonidan qanday ishlar amalga oshirilgan?

Qadimdan insoniyat tabiat ne’matlaridan kasalliklarni davolashda foydalanib kelgan. Shifobaxsh o‘simliklardan tibbiy maqsadlarda foydalanish borasida Abu Ali ibn Sino o‘zining “Al-Qonun” asarida 476 ga yaqin o‘simlikning shifobaxsh xususiyatlari va ularni ishlatish usullari to‘g‘risida ma’lumotlar keltirgan.

Yurtimizning barcha hududlarida turli xil o‘simliklar bor. Hozirda 4500 dan ziyod o‘simlik turlari mavjudligi aniqlangan. Bulardan 750 ga yaqini shifobaxsh hisoblanadi. Shulardan tabiiy sharoitda o‘sadigan va madaniylashtirilgan 120 ga yaqin o‘simlik turlaridan ilmiy va xalq tabobatida foydalanib kelinadi. Tibbiyotda qo‘llaniladigan dori-darmonlarning 47 foizi o‘simlik xomashyolaridan olinadi.

O‘tgan 2023 yilda dorivor o‘simliklarni ekish va yetishtirish uchun hududlar kesimida 5 ming 280 gektar maydonda 65 turdagi dorivor o‘simliklar plantatsiyalari tashkil etildi. 9042 tonna dorivor va oziq-ovqatbop o‘simliklar xom-ashyosini tayyorlash topshirig‘i belgilangan bo‘lib, amalda 9062 tonna tonnaga yoki topshiriq 100,2 foizga bajarildi. Ichki va tashqi bozorlarning dorivor o‘simliklarga bo‘lgani talabi yuzasidan marketing tadqiqotlari olib borilib, natijalariga ko‘ra, 2024 yil uchun dorivor o‘simliklar ekinlarini joylashtirish bo‘yicha Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda O‘rmon xo‘jaligi agentligiga takliflar kiritildi.

Shuningdek, o‘tgan yillar davomida klasterlar bilan yetishtirilgan dorivor o‘simliklar xom ashyolarini eksport qilish bo‘yicha “NUSRAT EKSIM” MChJ bilan, o‘rmon fondi yerlarida kovul (Capparis spinosa) o‘simligini yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha “O‘RMONCHA-CAPERS” MChJ bilan, dorivor o‘simliklar xom ashyolarini qayta ishlash va eksporti bo‘yicha “Paradise flora MChJ bilan va lavanda o‘simligini yetishtirish va undan efir moyi olish borasida “Agro servis tomorqa xizmati MChJ” bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi. “Paradise flora MChJ klasteri tomonidan o‘rmon fondi yerlarida yetishtirilgan dorivor o‘simliklarning 51.5 ming AQSh dollari ekvivalentida 30 tonna xomashyosi eksporti amalga oshirildi. Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan birgalikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xo‘jayli davlat o‘rmon xo‘jaligining 5 ga yer maydonida na’matak dorivor o‘simligi plantatsiyasi tashkil etildi.

O‘simlik genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda institutning bazasida dorivor va oziq-ovqatbop o‘simliklarning urug‘larini saqlash bo‘yicha genbanki tashkil etildi, hamda Markaz laboratoriyasigatabiiy holda o‘suvchi 47tur dorivor o‘simliklarning urug‘lari ilmiy tadqiqotlar olib borish maqsadida respublikamizning turli hududlaridan olib kelindi.

Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy-ishlab chiqarish markazi ilmiy xodimlari va o‘rmon xo‘jaliklari mutaxassislaridan iborat ilmiy ekspeditsiya tashkil etilib,Jizzax viloyati o‘rmon fondi yerlarida tabiiy holda o‘suvchi dorivor va oziq-ovqatbop o‘simliklarning jumladan, kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan dorivor va oziq-ovqatbop o‘simliklar hamda texnik maqsadda foydalaniladigan o‘simliklarning tarqalish areallari va zaxiralari o‘rganildi. Shuningdek, aniqlangan o‘simliklar dunyosi ob’ektlarini davlat kadastri ma’lumotlari geoaxborot bazasi talabi va shakllari bo‘yicha shakllantirilib elektron xaritalari yaratildi.

Qayd etish lozimki, hududlarning iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda va taqdim etilgan takliflarga ko‘ra, o‘rmon xo‘jaliklari kesimida dorivor o‘simliklarni yetishtirish bo‘yicha joriy yilga mo‘ljallangan hududiy dasturi ishlab chiqilib Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari hamda O‘rmon xo‘jaligi agentligi tomonidan tasdiqlandi.

Mavjud o‘rmon fondi yerlarida 2023 yilda jami 5280 ga yer maydonda dorivor va oziq-ovqatbop o‘simliklar madaniy plantatsiyalari barpo etildi. Bunda, qizilmiya (621.1 ga), tojik kovrak ( 1169.5 ga), sassiq kovrak (84.4 ga), lavanda (18.6 ga), moychechak (26.0 ga), na’matak (415.4 ga), ravoch (10 ga), dalachoy (54.4 ga), tog‘rayhon (30.5 ga), kiyik o‘ti (11.4 ga), maydonda va boshqa turdagi dorivor va oziq-ovqatbop o‘simliklari plantatsiyalari barpo etilgan. Tizimdagi o‘rmon xo‘jaliklarida dorivor o‘simliklar madaniy plantatsiyalarini barpo etish uchun mos bo‘lgan, o‘rmon fondining o‘rmon bilan qoplanmagan yer maydonlaridan jami 3602,5 gektar yer maydon onlayn auksionga qo‘yilib, shundan, 1192,5 ga yer maydoni onlayn auksionda g‘olib bo‘lgan qatnashchilariga belgilangan tartibda ijaraga ajratib berilgan.

Respublikaning barcha hududlarida shahar va tuman kesimida dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlar orasida keng qamrovli kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish maqsadida Savdo-sanoat palatasi, Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda O‘rmon xo‘jaligi agentligi bilan hamkorlikda 2023 yil mart oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Sirdaryo, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida ixtisoslashgan savdo yarmarkalari tashkil qilindi.

Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy-ishlab chiqarish markazi tarkibida Dorivor o‘simliklar xomashyosi va ulardan olinadigan mahsulotlarni sertifikatlash va standartlashtirish laboratoriyasini tashkil etish maqsadida joriy yilda byudjet mablag‘lari doirasida jami qiymati 374.5 mln so‘mlik jixozlar xarid qilinib, foydalanish uchun topshirildi.