Qidirish
12/02/25, 10:35
283

O‘zaro hamkorlik aloqalari muhokama qilindi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori Erkin Muhiddinov va Isroil davlatining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Gideon Lustig o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Isroilning ilg‘or suv tejovchi texnologiyalaridan samarali foydalangan holda daraxtlar ekish, parvarishlash va bu orqali ekologik barqarorlikni ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Aytish joizki, Isroil qurg‘oqchil hududlarda suv resurslaridan tejamkor usullarda foydalanish bo‘yicha ilg‘or tajribaga ega. Mamlakatda tomchilatib sug‘orish va qayta ishlangan suvdan samarali foydalanish bo‘yicha innovatsion texnologiyalar keng joriy qilingan. O‘zbekistonning iqlimi issiq va qurg‘oqchil hududlarida daraxt ekish va ularni parvarish qilishda ushbu mamlakat tajribasidan foydalanish yaxshi samara beradi.

Erkin Muhiddinov hamkorlik aloqalarining mustahkamlanishi “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi tadbirlar samaradorligini oshirish va mamlakatda ekologik barqarorlikni yaxshilashga xizmat qilishini ta’kidladi. Gideon Lustig O‘zbekistonda olib borilayotgan ekologik tashabbuslarni yuqori baholab, o‘z mamlakati zamonaviy texnologiyalar va innovatsion yechimlarni taqdim etishga tayyor ekanligini bildirdi.

Mazkur tashabbus mamlakatimizda iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini  yumshatish, suv resurslarini tejash va barqaror ekologik rivojlanishni ta’minlashda muhim hisoblanadi. Uchrashuv yakunida kelgusida amaliy loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha ish olib borishga kelishib olindi.