Qidirish
08/09/22, 10:34
2150

O‘zbekiston – o‘rmonlar maydoni kam bo‘lgan mamlakat hisoblanadi, ammo…

O‘zbekiston – o‘rmonlar maydoni kam bo‘lgan mamlakat. Hisoblarga ko‘ra, ular 3,68 million gektarni egallaydi, bu mamlakatdagi barcha yer maydonlarining 8,6 foiziga to‘g‘ri keladi. So‘nggi 30 yil ichida o‘rmonlar maydoni chorvachilikning nazoratsiz rivojlanishi, turli sohalarda foydalanish uchun yog‘ochga bo‘lgan talabning ortishi va energiya manbalari juda taqchil bo‘lgan qishloq joylarida yoqilg‘i sifatida ishlatilishi, shuningdek, o‘rmon hududlari hisobidan sug‘oriladigan dehqonchilikni kengaytirilishi hisobiga kamaydi. O‘rmonlar degradatsiyasiga sabab bo‘lgan yana bir omil iqlim o‘zgarishi bo‘lib, bu yong‘inlarning ko‘payishiga, zararkunandalar hujumiga va o‘rmonlarda daraxtlar kasalliklarining oshishiga olib keldi.

Poytaxtimizda BMTning Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi hamda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning O‘rmon va yog‘och xo‘jaligi qo‘shma bo‘limi O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda va FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida “O‘zbekistonda barqaror landshaftlarni tiklash uchun o‘rmon xo‘jaligi sektorini texnik-iqtisodiy asoslash” mavzusida Milliy o‘rmon siyosati muloqoti tashkil etildi.

Poytaxtimizda BMTning Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi hamda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning O‘rmon va yog‘och xo‘jaligi qo‘shma bo‘limi O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda va FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida “O‘zbekistonda barqaror landshaftlarni tiklash uchun o‘rmon xo‘jaligi sektorini texnik-iqtisodiy asoslash” mavzusida Milliy o‘rmon siyosati muloqoti tashkil etildi.

Muloqotda O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutaxassislari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy doiralar vakillari, FAO ekspertlari, BMTning Yevropa Iqtisodiy komissiyasi va boshqa xalqaro tashkilotlar mutaxassislari ishtirok etdi.

Uchrashuvda Milliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida o‘rmon sohasini rivojlantirish uchun qulay siyosiy, huquqiy va institutsional asoslarni yaratish, mamlakatimizda o‘rmon landshaftlarini tiklashni moliyalashtirish mexanizmlari kabi muhim masalalar muhokama qilindi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda o‘rmonlarni qayta tiklashga qaratilgan joriy va rejalashtirilayotgan milliy va mintaqaviy loyihalar ko‘rib chiqildi.

Muloqot chog‘ida 2018-yilda O‘zbekiston hukumati Bonn Challenge dasturi doirasida 500 ming gektardan ortiq degradatsiyaga uchragan landshaftlarni tiklash majburiyatini olgani qayd etildi. Bonn Challenge 2020 yilga borib 150 million gektar va 2030 yilga kelib 350 million gektar degradatsiyaga uchragan va o‘rmonsizlangan yerlarni tiklash bo‘yicha global sa'y-harakatlardir. Bugungi kunga qadar 61 ta davlat, 8 ta shtat va 5 ta assotsiatsiya Bonn Challenge dasturini qabul qilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Kavkaz va Markaziy Osiyo landshaftlarini tiklash va infratuzilmasini ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha Strategiyani ishlab chiqishda faol ishtirok etgani alohida ta'kidlandi.

Muloqot ishtirokchilari O‘zbekistonning davlat rahbari tashabbusi bilan 2021-yildan buyon amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi sa'y-harakatlarini alohida qayd etdi. Mamlakatni ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha ushbu keng ko‘lamli loyiha Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasiga kiritilgan bo‘lib, har yili 200 million tup daraxt ekish hisobiga mamlakatimiz o‘rmon qoplamini kengaytirishni nazarda tutadi. Uni amalga oshirishda davlat muassasalari va ilmiy jamoalar faol ishtirok etmoqda.

O‘tgan Milliy muloqot BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi va FAOning 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan integratsiyalashgan ish dasturi doirasida tashkil etilgan. Tadbir ishtirokchilarga tajriba almashish va O‘zbekiston o‘rmon xo‘jaligi sohasida tarmoqlararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha harakatlarni muvofiqlashtirish imkonini berdi.

O‘rmon xo‘jaligi Davlat qo‘mitasi Axborot xizmati bo‘yicha mutaxassis Dilrabo Boboyeva.