“O‘zbekistonda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash” loyihasi amalga oshiriladi
Ma’lumki, respublikada barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash va o‘rmon resurslarini samarali boshqarish, shuningdek, "yashil iqtisodiyot"ni qo‘llab-quvvatlash choralarini izchil davom ettirish maqsadida 2023 yil 10 aprelda O‘zbekiston Respublikasi bilan Xalqaro taraqqiyot uyushmasi o‘rtasida bitim imzolangan edi. Ushbu bitim doirasida "O‘zbekistonda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash" loyihasini amalga oshirish uchun 5 yillik imtiyozli davr bilan 30 yil muddatga jami 142 million AQSH dollari miqdorida qarz mablag‘lari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi bilan PROGREEN trast jamg‘armasi hamda Koreya Respublikasining KWPF jamg‘armasi o‘rtasida tuzilgan grant bitimlari doirasida jami 11 million AQSH dollari miqdorida grantlar jalb etilgan. Loyihaning umumiy qiymati 205,45 million AQSH dollarini, shu jumladan loyihadagi O‘zbekiston Respublikasining ulushi 52,45 million AQSH dollarini tashkil etib, amalga oshirish davri 6 yil (2023-2028 yillar) etib belgilangan.
Davlat rahbarining “Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida “O‘zbekistonda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori bilan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda O‘rmon xo‘jaligi agentligi loyihaning o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilishi, muvofiqlashtirilishi va boshqarilishi hamda jalb etilgan qarz mablag‘lari va grantlardan maqsadli va samarali foydalanilishi, shuningdek, loyihani amalga oshirish davrida monitoring va hisobot yuritilishi, qarz mablag‘lari o‘z vaqtida qaytarilishi uchun mas’ul ijro etuvchi organlar hisoblanadi.
O‘rmon xo‘jaligi agentligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida "O‘zbekistonda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash" loyihasini amalga oshirish guruhi tashkil etiladi.
Qaror bilan "O‘zbekistonda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash" loyihasining texnik-iqtisodiy parametrlari;
"O‘zbekistonda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash" loyihasi bo‘yicha Xalqaro taraqqiyot uyushmasining qarz mablag‘larini jalb etish va qaytarish miqdorlari;
"O‘zbekistonda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash" loyihasini amalga oshirish doirasida Xalqaro taraqqiyot uyushmasining qarz mablag‘laridan foydalanish, uni qaytarish, komissiya va foiz to‘lovlarini to‘lashning prognoz jadvali;
"O‘zbekistonda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash" loyihasini amalga oshirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi";
"O‘zbekistonda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash" loyihasi doirasida Jizzax, Namangan, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar tasdiqlandi.