Qidirish
21/08/23, 15:35
892

O‘zbekistonda o‘rmon fondi yerlarining necha foizi cho‘ldan iborat ekanligini bilasizmi?

Mamlakatimizda o‘rmon fondi yerlarining 82 foizi cho‘l, 14 foizi tog‘, 4 foizi to‘qayzorlardan iborat.

Joriy yilning birinchi yarmida O‘rmon xo‘jaligi agentligi tomonidan ekologik vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida 200 ming gektar maydonda o‘rmon barpo qilish va qayta tiklash tadbirlari amalga oshirildi.

Orol dengizining qurigan tubi va Orolbo‘yi hududlarida qum ko‘chishi hamda atmosfera havosiga tuz-chang ko‘tarilishini bartaraf etish maqsadida Mo‘ynoq tumanida 128 ming gektar, Buxoro viloyatida 40 ming gektar, Navoiy viloyatida 17 ming gektar va Xorazm viloyatida 10 ming gektar maydonda saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklaridan “yashil qoplamalar” barpo etildi.

O‘rmon xo‘jaliklari tomonidan daraxt va butalarning 940 tonna urug‘lari jamg‘arildi. 545 gektar maydonda tuproq-iqlim sharoitga mos manzarali, mevali daraxt va butalarning niholxona va ko‘chatxonalari tashkil etildi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy yil bahor mavsumida 22 million dona iqlim sharoitiga mos manzarali, mevali daraxt va butalarning ko‘chat va qalamchalari yetkazib berildi.

Sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlari chetlarida 2 ming gektar maydonda ihota daraxtzorlari tashkil etildi.

O‘rmonlarni muhofaza qilish va saqlash maqsadida tizim tashkilotlari tomonidan 40 ming gektar maydonda o‘rmon kasallik va zararkunandalariga qarshi o‘rganish ishlari olib borildi.

O‘rmon fondidagi 3,5 ming gektar foydalanilmayotgan yer maydoni o‘zlashtirildi.

5 ming gektar maydonda dorivor va ozuqabop o‘simliklar plantatsiyasi tashkil etilib, 2 ming tonna xomashyo yetishtirildi.

Dilrabo Boboyeva O‘rmon xo‘jaligi agentligi axborot xizmati.