O‘zbekistonda sho‘rlanishga chidamli galofit bog‘lari tashkil etiladi
Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida (Green University) O‘zbekistonda sho‘rlanishga chidamli galofit o‘simlik turlari ekiladigan yer maydonlari tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori Erkin Muhiddinov, Xitoy Shinjon ekologiya va geografiya instituti direktori Zhang Yuanming, ushbu institut professorlari, Green universiteti rektori Jasur Salixov, hududiy o‘rmon xo‘jaliklari rahbarlari, olimlar va soha ekspertlari ishtirok etdi.
Seminarda Erkin Muhiddinov so‘z olib, mehmonlarga mamlakatimizda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini yumshatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
“Mamlakatimizda iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini yumshatish maqsadida xitoylik hamkorlar bilan birgalikda galofit o‘simliklari ekish bo‘yicha zamonaviy innovasion loyiha faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgani e’tiroflidir. Loyiha doirasida mamlakatimizning 5 ta hududi – Arnasoy, Muborak, Qorako‘l, Karmana hamda Nukus tumanlarida galofit bog‘larini tashkil qilish bo‘yicha yer maydonlari ajratildi, hozirda loyihalashtirish jarayonlari davom ettirilmoqda”, – dedi E. Muhiddinov.
Tadbirda Xitoy Shinjon ekologiya va geografiya instituti professorlari tomonidan sho‘rlangan cho‘l va yarim cho‘l hududlarda galofit o‘simliklar ekish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlash, tuproq eroziyasini kamaytirish, sho‘rlanish darajasini pasaytirish va biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha Xitoy tajribasi haqida taqdimot qilindi.
Seminar mavzuga oid savol-javoblar bilan davom ettirildi.