O'zbekistonning ko'kalamzorlashtirish borasidagi sa'y-harakatlari BMTning yuqori darajadagi forumida taqdim etildi
O'rmonlar bo'yicha forum o'rmonlarni barqaror boshqarish bilan bog'liq kelishuvlarni amalga oshirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, o'rmon xo'jaligi masalalari bo'yicha siyosat va dasturlarni muvofiqlashtirishga ko'maklashuvchi yuqori darajadagi hukumatlararo siyosiy dasturdir. U 2000-yilda BMT Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengashi (ECOSOS) qarori bilan tashkil etilgan.
Forumda BMTga a'zo 193 davlat delegatsiyalari va vazirlar darajasidagi kuzatuvchilar, o'rmon xo'jaligi boshqarmalari rahbarlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, jumladan, o'rmonlar bo'yicha hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Sessiya davomida BMTning o'rmonlar bo'yicha 2017–2030-yillarga mo'ljallangan strategik rejasini amalga oshirishning tematik ustuvor yo'nalishlari muhokama qilindi. O'rmonlar bo'yicha xalqaro bitimning o'rta muddatli ijrosi ko'rib chiqildi. Ishtirokchilar butun dunyoda muhofaza etiladigan o'rmonlar maydonlarini kengaytirish, o'rmon mahsulotlari ulushini ko'paytirish, shuningdek, moliyaviy resurslarni safarbar etish va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalari xususida fikr almashdilar.
O'rmonlar bo'yicha forum tadbirlarida O'zbekiston O'rmon xo'jaligi agentligi direktori Nizomiddin Bakirov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etdi.
Forumning yuqori darajali segmentida O'zbekistonda o'rmonlarni ko'paytirish, o'rmon xo'jaligi resurslarini muhofaza qilish va yerlarning degradatsiyasiga qarshi kurashish bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma'lumot berildi. O'rmon xo'jaligini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyati ta'kidlandi. Hujjatda mamlakatimiz o'rmonlari maydonini 7 foizdan 15 foizgacha yetkazish ko'zda tutilgani ma'lum qilindi.
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan "Yashil makon" umummilliy dasturi BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish bo'yicha namunaviy loyihalar ro'yxatiga alohida to'xtalib o'tdi.
Dastur doirasida mamlakatimizning barcha hududlarida har yili 200 million tup ko'chat ekilayotgani aytib o'tildi. 3 million tupga yaqin ko'chatlar aholiga bepul taqdim etilayotgani O'zbekistonning ushbu muammoni hal etishga intilishi va bu boradagi ishlarga mahalliy hamjamiyatni keng jalb etayotganidan dalolatdir.
Ta'kidlanganidek, O'zbekistonda o'rmon xo'jaligini yanada rivojlantirish uchun yaqin 6 yilda umumiy qiymati 400 million dollardan ortiq loyihalar amalga oshirilishi, shundan 250 million dollardan ortig'i tog' o'rmonlarini tiklash va ekoturizmni rivojlantirishga yo'naltiriladi. Barcha faoliyatimiz mahalliy aholini qo'llab-quvvatlash, "yashil" ish o'rinlari yaratishga qaratilgani urg'ulandi. Qayd etilganidek, joriy yilning o'zida 6 mingdan ortiq yangi "yashil" ish o'rni yaratish rejalashtirilgan.
Ishtirokchilar e'tibori O'zbekistonning ekologik diplomatiya sohasidagi faol sa'y-harakatlariga qaratildi. Samarqandda BMTning ekologiya bo'yicha ikkita yirik tadbiri – Cho'llanishga qarshi kurash bo'yicha konvensiya ijroiya organining 21-yig'ilishi (CRIC-21) va Yovvoyi hayvonlarning ko'chib yuruvchi turlarni saqlash to'g'risidagi konvensiya ishtirokchilari konferensiyasining 14-sessiyasi (CMS COP-14) muvaffaqiyatli o'tkazilgani bildirildi.
19-sessiyaning asosiy natijalari Oliy darajadagi Segment deklaratsiyasi va oraliq baholash natijalarini o'z ichiga olgan Konsolidatsiyalangan rezolyutsiya, shuningdek, forumning 2025-2028-yillarga mo'ljallangan yangi to'rt yillik ish dasturi bo'ldi.
Forum deklaratsiyasi so'nggi o'n yil ichida birinchi marta qabul qilindi. Unda a'zo davlatlarning barcha darajadagi o'rmonlar va daraxtlarni himoya qilish, barqaror boshqarish, o'rmonlarning kesilishi va degradatsiyasini to'xtatishga qaratilgan BMTning O'rmonlar bo'yicha strategik rejasini amalga oshirishga, shuningdek, 2030-yilgacha barqaror rivojlanish bo'yicha harakatlar rejasini amalga oshirishga ko'maklashishga qat'iy sodiqligi tasdiqlandi.