Qidirish
21/08/23, 15:58
898

O‘zbekistonning “yashil iqtisodiyot”ga o‘tishi iqtisodiy yuksalishga qanday yordam beradi?

Insoniyat yangi tahdidlar oldida turibdi. Yer shari aholisi ko‘payishi hisobiga tabiiy resurslar zahirasi muttasil qisqarmoqda. Bunday disproportsiya dunyo mamlakatlarini tang ahvolga solib qo‘yayotgani bor gap. Avvalo, global ekologik muammolarning keskinlashuvi kuzatilmoqda. Ekspertlar vaziyatni o‘nglash uchun jahon iqtisodiyotida “yashil taraqqiyot” tamoyillarini joriy etish zarurligini ta'kidlamoqda.

O‘zbekiston 2030 yilgacha “yashil iqtisodiyot”ga o‘tishni maqsad qilgan. Mutaxassislarga ko‘ra, “Yashil iqtisodiyot”ga o‘tish O‘zbekistonga ko‘plab bonuslar olib keladi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasida Suv xo‘jaligi vazirligi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishi vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi agentligi hamda O‘rmon xo‘jaligi ilmiy tadqiqot instituti vakillari ishtirokida Kelgusi 7 yilda mamlakatimizning asosiy rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab beruvchi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va uni 2023-yilda amalga oshirish chora-tadbirlari loyihasida belgilangan vazifalar ahamiyati to‘g‘risida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda “Yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, uning asosi bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish ko‘rsatkichlarini keskin oshirish, respublikada suvdan oqilona foydalanish madaniyati rivojlantirish, shuningdek, ekologik vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi, o‘rmonlar maydonini kengaytirish masalalarining ayni damda nechog‘lik dolzarbligi va ularni amalga oshirish mexanizmlari to‘g‘risida so‘z yuritildi.

Ma'lumki, O‘zbekiston uglevodorod energiyasi – neftь, gaz, ko‘mirdan foydalanish hisobiga har yili yalpi ichki mahsulotning kamida 4,5 foizini yo‘qotmoqda. Qolaversa, mamlakatdagi energiya ishlab chiqaruvchi quvvatlarning salkam yarmi eskirgan. Ularni tiklash yoki modernizatsiyalash katta mablag‘ni talab qiladi. Buning o‘rniga ham iqtisodiy, ham ekologik jihatdan samarali hisoblangan “yashil energetika”ga o‘tish ming chandon afzal. E'tiborlisi, O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlaridan birinchi bo‘lib mazkur harakatga qo‘shildi. Mohiyatan olib qaraganda, ikki yil avval qabul qilingan “Yashil iqtisodiyot”ga o‘tish strategiyasi” yurtimizning “yashil taraqqiyot” sari yuz burganini anglatadi.

“Yashil iqtisodiyot” faqat energetika sohasini isloh qilishdan iborat emas. Uning ichiga toza ichimlik suvi muammolari, oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xo‘jaligidagi innovatsiyalar, barqaror shaharlar, chiqindilarni oqilona boshqarish, o‘rmon hududlarini kengaytirish, cho‘llanishni qisqartirish kabi ko‘p qirrali va keng tarmoqli chora-tadbirlar kirib ketadi.

Xususan, O‘zbekistonda 2019-2030 yillarda “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish kontseptsiyasi qator vazifalarni o‘z ichiga oladi. Jumladan, energiya samaradorligi ko‘rsatkichini ikki karra oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yanada rivojlantirish, ularning ulushini elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmining yigirma besh foizidan ko‘prog‘iga yetkazish, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini zamonaviy, arzon va ishonchli energiya bilan ta'minlash ko‘zda tutilgan.

Davra suhbatida shular xususidagi zaruriy ma'lumotlar taqdim etildi.