Parrandachilik istiqbolli va serdaromad soha.
Parrandalar nafaqat go‘shti, tuxumi balki pati uchun ham boqiladi. Bugungi kunda parrandachilik istiqbolli va chorvachilikdagi asosiy yo‘nalish ekani tan olinadi. Buning sabablardan biri parrandalarni saqlash uchun inshootlarning oddiy bo‘lishidir. Tahlilchilarning fikricha, bugungi kunda jahonning yetakchi davlatlarida parrandachilikka katta e’tibor qaratilmoqda. Chunki aynan parrandachilik aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanishida asosiy ahamiyat kasb etib, qishloqlarda odamlarning ish bilan band bo‘lishiga hissa qo‘shadi.
Toshkent viloyati, Bekobod davlat o‘rmon xo‘jaligi tomonidan parrandachilik yo‘nalishi bo‘yicha bir qator istiqbolli ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur hududda parrandaning bir qancha turi boqiladi. Bugungi kunga kelib, mazkur tovuqlar sanoat parrandachiligi fabrikalarida, fermer xo‘jaliklarida hamda uy sharoitida parvarishlashga moslashtirilgan.
Soha vakillarining ta’kidlashicha, parrandachilik nozik, shu bilan birga serdaromad soha hisoblanadi. Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarida parrandalarni boqishda mavjud tavsiyalarga amal qilish maqsadga muvofiq.
Qayd etish lozimki, mamlakatimizda parrandachilik sohasini rivojlantirish va eksportga mo‘ljallangan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish va turlarini kengaytirish, shuningdek aholini mahalliy ishlab chiqarilgan sifatli va arzon parrandachilik mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Davlat rahbarining tashabbusi bilan bu borada zaruriy vazifalar belgilab berilgan.
Xususan, parrandalarni oziqlantirish uchun ilmiy asoslangan me’yorlarni ishlab chiqish, barcha turdagi parranda go‘shti va tuxum mahsulotlarini qayta ishlovchi texnologik jarayonlarni ishlab chiqish, parrandachilik mahsulotlarining biologik va ekologik xavfsizligini ta’minlash, parrandalarni boqish va ularga berilayotgan ozuqa bazasining tarkibi va sifatini monitoring qilish hamda barcha turdagi parranda go‘shti va tuxumlaridan foydalangan holda umumiy, bolalar, parhez va maxsus ovqatlanishning yangi turdagi mahsulotlarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan texnologik jarayonlarni ishlab chiqish rejalashtirilgan.
2022-yil 1-iyundan boshlab qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan tijorat banklariga ularning buyurtmasiga asosan joylashtiriladigan 400 milliard so‘mgacha kredit resurslari hisobidan parrandachilik xo‘jaliklari va parranda omuxta yemi ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlariga don zaxirasi yaratish uchun Markaziy bank asosiy stavkasida 3 oylik imtiyozli davr bilan 12 oy muddatgacha revolver kreditlar ajratilmoqda. Bunda, ushbu kredit hisobidan tadbirkorlik subyektlarining tijorat banklaridan olingan boshqa kreditlarini so‘ndirishga yo‘l qo‘yilmaydi.