Pokistonning QUAID-I-AZAM universiteti bilan hamkorlik memorandumi imzolandi
2025-yil 8-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi agentligi huzuridagi Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy-ishlab chiqarish markazi hamda Pokistonning QUAID-I-AZAM universiteti o‘rtasida ZOOM orqali onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida ilmiy-amaliy hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolandi.
Onlayn uchrashuvda har ikki mamlakatning ilmiy muassasalari vakillari ishtirok etdi. Dorivor o‘simliklarni yetishtirish markazi direktori v.v.b. T.O. Ibragimov tadbirni ochib berdi va ushbu voqeaning ahamiyati haqida gapirar ekan, shunday dedi:
“Bugungi uchrashuv biz uchun katta ahamiyat kasb etadi. Pokistonning QUAID-I-AZAM universiteti bilan ilmiy hamkorlik orqali ikki mamlakatning dorivor o‘simliklar sohasidagi salohiyatini yanada rivojlantirish imkoniyati paydo bo‘ladi.”
Tadbir davomida har ikki tomonning ilmiy-tadqiqot faoliyati haqida taqdimotlar o‘tkazildi. Dorivor o‘simliklarni introduksiya qilish va agrotexnika laboratoriyasi mudiri, q.x.f.f.d. N.S. Rustamov O‘zbekistondagi dorivor o‘simliklarni tadqiq qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida gapirar ekan:
“Biz dorivor o‘simliklarning noyob turlarini o‘rganish va ularni yetishtirishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanmoqdamiz. Pokiston olimlari bilan tajriba almashish esa bu jarayonni yanada samarali qilishga yordam beradi,” — deb ta’kidladi.
Pokiston tomonidan QUAID-I-AZAM universiteti huzuridagi Botanika bog‘i direktori, akademik Ahmad Mushtaq so‘zga chiqib, shunday dedi:
“O‘zbekistonning dorivor o‘simliklar borasidagi boy salohiyati biz uchun juda qiziq. Biz bu sohada o‘zaro tajriba almashish va qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazishga tayyormiz.”
Uchrashuv yakunida har ikki muassasa rahbarlari hamkorlik memorandumi imzoladi. Hujjat doirasida quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlik qilish maqsad qilindi:
• Dorivor o‘simliklarni introduksiya qilish va agrotexnika bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar;
• Ilmiy xodimlar va mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish;
• O‘simliklarning noyob turlarini o‘rganish va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha yangi loyihalarni ishlab chiqish.
Memorandum imzolangandan so‘ng, ishtirokchilar ikki mamlakat o‘rtasidagi ushbu hamkorlikning istiqbolli ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Botanika bog‘i direktori Ahmad Mushtaq bu jarayon nafaqat ilmiy, balki madaniy aloqalarni ham mustahkamlashini qayd etdi.
Markazning bosh direktori o‘rinbosari, b.f.f.d. Ch.A. Xolmurolov esa ushbu hamkorlikning amaliy ahamiyati haqida to‘xtalib, o‘z fikrini bildirdi:
“Ilmiy tadqiqotlardagi hamkorlik qo‘shma yutuqlarga olib keladi va bu natijalar jamiyatga foyda keltiradi. Har ikki tomon ham bu jarayondan katta manfaat ko‘radi.”
Bu hamkorlik ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy salohiyatni yuksaltirishi va dorivor o‘simliklar sohasida yangi imkoniyatlarni ochishi shubhasiz.