Qadring baland bo‘lsin ONA TILIM!
Til – muqaddas va e'zozlangan tushuncha, har bir inson uchun o‘z onasi kabi aziz va mo‘'tabar. Til – hayotning boshlanishi. Inson o‘z ona tili yordamida yangi tushunchalar va munosabatlarni anglay boshlaydi. Ona tili bizga ona suti bilan singdiriladi. Inson ulg‘aygan sayin atrofdagilar bilan muloqot qilish, badiiy kitoblar o‘qish orqali so‘z boyligini oshirib boradi. Ota-bobolarimiz tarixi, milliy va ma'naviy qadriyatlarimiz bizga ona tilimiz yordamida meros bo‘lib qoldi. Xalqlar tarixi – bu ular tilining tarixi. Davlat rivojlanishi bilan davlat tili ham rivojlanadi.
Millatlarni ajratib turuvchi asosiy belgilaridan biri bu til ekan, har bir inson o‘z tilini bilish, uni ulug‘lashi va shu bilan birga boshqa millatlarning ona tiliga ham xurmat bilan qarashi lozim. Shundagina tilning, millatning qadri va obro‘yi, nufuzi oshadi. Til tarixini, uning me'yoriy nuqtai nazardan shakllanish jarayonini, rivojlanishini millat tarixidan ayri holda o‘rganib bo‘lmaydi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi tilimiz taraqqiyotida ham muhim o‘zgarishlar yuz bermoqda. O‘zbek tilining xalqaro miqyosda obro‘yi oshib, faol muloqot vositasiga aylanib bormoqda.
Xullas, til – jamiyatning asosiy tayanchi, insoniy muloqot – munosabatlarning birlamchi vositasi, millat ruhi va davlatchilik taqdiridir. Har bir xalq va millat, davlat va jamiyatni o‘tmishi, buguni va kelajagini, uning mavjudligini birgina omil – ona tili bildirib turadi. Til – muloqot zarurati tufayli yaralgan, muloqot jarayonida insoniyat yaratgan barcha yangiliklarni, tafakkur mevalarini anglatib, avloddan-avlodga yetkazib, avaylab-asrab keladi.
BAYRAM muborak bo‘lsin!
O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktorining ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili haqidagi qonun xujjatlariga rioya etilishini ta'minlash masalalari bo‘yicha maslaxatchi, «Yashil makon» jurnali bosh muxarriri
Y. ORIPOVA.