Qidirish
30/01/25, 10:18
44

Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududlarida “yashil himoya belbogʻ”lari barpo etiladi

Oʻrmon xoʻjaligi agentligi direktori Erkin Muhiddinov Fransiya Taraqqiyot agentligining mamlakatimizdagi loyiha koordinatori Paskal Douard boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Erkin Muhiddinov mehmonlarga Oʻrmon xoʻjaligi sohasida Fransiya Taraqqiyot agentligi va Yevropa investitsion banki bilan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash boʻyicha koʻrsatayotgan tashabbuslari uchun alohida minnatdorlik bildirdi. Keyingi yillarda mamlakatimizda yashillik darajasini oshirish, oʻrmonlar hududlarini kengaytirish orqali ekologik barqarorlikni taʼminlash, foydalanilmayotgan yerlarga mahalliy aholini jalb qilish orqali kambagʻallikni qisqartirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.

Aytish joizki, Fransiya Taraqqiyot agentligi va Yevropa investitsion bankining “Orol dengizi havzasining quyi oqimidagi degradatsiyaga uchragan yerlarning holatini yaxshilash” investitsion loyihasini Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududlarida joriy etishdan koʻzlangan asosiy maqsad mintaqada iqlim oʻzgarishlari oqibatlarini yumshatish, chang va qum boʻronlarining oldini olish, bioxilmaxillikni saqlash aholi turmushini yaxshilash kabi dolzarb ekologik muammolarni qamrab olgan. Loyihaning umumiy qiymati 68,5 mln yevroni tashkil etadi.

Paskal Douard mazkur loyihani bosqichma-bosqich amalga oshirish jarayonlari haqida maʼlumot berdi. Taʼkidlandiki, ushbu loyiha Orol dengizi bilan kesishgan hududlarda “yashil himoya belbogʻi” yaratish, agrooʻrmonchilikni rivojlantirish, loyiha boshqaruvida institutsional salohiyatni yuksaltirish, xodimlar malakasini oshirish hamda boshqaruv faoliyatini takomillashtirish kabi masalalarni oʻz ichiga oladigan 4 ta komponentdan iborat.

Maʼlumot oʻrnida, 2025-2029-yillar davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududlarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyiha tadbirlari natijasida oʻrmon yerlarida shamol eroziyasiga qarshi 20 ming gektar maydonda “yashil himoya belbogʻi” yaratilishi, 5 ming gektar yerda oʻrmonbop va ozuqabop ekinlar yetishtirilishi, oʻrmon xoʻjaligi sohasi xodimlarining malakasini oshirish maqsadida oʻquv markazi (“Training Center”) tashkil etilishi maqsad qilingan.