Respublikamiz daraxt resurslari kam mamlakatlar mintaqasida joylashgan bo‘lib, o‘rmon bilan qoplangan maydonlar darajasi o‘rtacha 8 foizni tashkil etadi. “Yashil makon” umumilliy loyihasida 3 ta asosiy strategik maqsad belgilangan.
Jumladan, har yili 200 mln tupdan manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chatlarini, shu jumladan, har bir hudud va sohalar kesimida bahor mavsumida 125 mln tup, kuz mavsumida 75 mln tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish belgilab olingan. Shu bilan birga respublikamizning yashillik darajasini 30 foizga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, davlat o‘rmon fondining o‘rmon bilan qoplangan maydonlarini yaqin yillar ichida 15 foizga, ya’ni 6,1 mln gektarga yetkazish maqsad qilingan.
Shu va “Yashil makon” umumilliy loyihasi doirasida hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar xususida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligi mutaxassisi G‘anisher Xo‘jayev bilan suhbatlashdik.
• Bu yil “Yashil makon” umumilliy loyihasi doirasida qanday ishlar amalga oshirildi va daraxt ko‘chatlarini asrash, monitoringini olib borish, yashillik olamini saqlab qolish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
• O‘rmon xo‘jaligi agentligi yashil qoplamalar, o‘rmonzorlar barpo etish bilan birga “Yashil makon” umumilliy loyihasi doirasida o‘rmon fondi yerlari va o‘rmonzorlardan tashqarida ham o‘rmonzorlar barpo etish va ko‘chat yetkazish bo‘yicha 2024 yil kuz oyida “Yashil makon” loyihasi uchun 17 mln tup ko‘chat yetkazib berish rejalashtirilgandi, lekin butun respublika bo‘yicha 30 mln tup ko‘chat zahirasini yaratib qo‘ydi.
“Yashil makon” umumilliy loyihasi doirasida o‘tgan davr mobaynida 11 ta Prezident hujjati, 7 ta Hukumat hujjati va 5 ta yig‘ilish bayoni qabul qilingan.
Shu davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar natijasida jami 646 mln 443 ming tup daraxt va buta ko‘chatlari ekilib yashilmakon.eco platformasiga kiritildi.
Hududiy shtablar tomonidan ekilgan ko‘chatlar to‘g‘risida “Yashilmakon.eco” elektron platformasiga kiritilgan ma’lumotlarning haqqoniyligini o‘rganish maqsadida, 616 nafar ekologiya xodimi jalb qilinib, 557 ta planshet, 16 ta uchuvchisiz uchish qurilmasi hamda 250 ta “vlagomer” yetkazib berilgan.
Ko‘chatlarni agrotexnik talablarga mos ravishda ekish, ularni kelgusida parvarishlash, ya’ni sug‘orish, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish tadbirlarini to‘g‘ri tashkil etish uchun sohaning ilmiy va malakali mutaxassislari jalb etilib, joylarda 914 ta amaliy seminar o‘tkazilgan.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida 2024 yil bahorgi ko‘chat ekish mavsumida Respublika bo‘yicha 130 mln tupdan ziyod daraxt ko‘chatlari ekilgan.
137 ta chiqindi poligonlari atrofiga 5 qator qilib 264 ming tup (105 foiz) ko‘chatlar ekilib, “yashil belbog‘”lar barpo etildi.
Mahalliy hokimliklar, vazirliklar va idoralar tomonidan aholi punktlari va tuman markazlaridan uzoq bo‘lmagan hududlarda 257 ta “yashil bog‘lar” barpo etilib, ularning umumiy soni 517 taga yetkazildi.
Aholining hordiq chiqarishi uchun qulay sharoit yaratish maqsadida 80 ta “yashil jamoat parklari” tashkil qilindi.
Yakunlangan mavsumda ekilgan ko‘chatlarni sug‘orish maqsadida hududlarda 253 ta suv chiqarish qudug‘i va 2906 km uzunlikda sug‘orish tizimlari tashkil etildi. Sug‘orish manbasi mavjud bo‘lmagan hududlarga 991 ta maxsus texnika biriktirilgan.
Yangi ekilgan ko‘chatlarni saqlab qolish maqsadida sug‘orish va parvarish qilish tadbirlarini o‘z vaqtida amalga oshirish uchun dalolatnomalar bilan mas’ullarga biriktirildi.
Ijtimoiy soha ob’ektlari, jumladan sog‘liqni saqlash muassasalariga Ekologiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 500 ming tup, o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan maktabgacha ta’lim muassasalariga 618 ming tup daraxt ko‘chatlari hamda maktablarga 2,1 mln tup qalamchalar beg‘araz yordam tariqasida yetkazib berilgan.