Qidirish
14/11/23, 12:12
1500

Samarqandda “CRIC-21 bog‘i tashkil qilindi

BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi ijrosini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasi (CRIC-21) doirasida “CRIC-21 GREEN PARK” “CRIC-21 yashil bog‘i” barpo qilindi.

Sessiyaning ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov o‘tgan 2021 yildan buyon mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida to‘xtaldi.

Ayni paytda mazkur loyiha asosida kuzgi daraxt ko‘chatlari ekish mavsum davom etayotgani va bugun Samarqandda “CRIC-21 bog‘i yaratilishini ma’lum qilib, ishtirokchilarni bu tadbirga taklif qilgandi.

Yangi bog‘da Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, Cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash bo‘yicha Konvensiya ijrochi kotibi Ibrohim Tiav hamda xorijiy delegatsiyalar vakillari, tuman hokimi yangi bog‘da ko‘chat o‘tqazdilar.


Uch gektar maydonda tashkil etilayotgan “CRIC-21 bog‘ida 1200 tupdan ortiq sadaqayrag‘och, yapon saforasi, katalpa, shumtol singari o‘n turga yaqin daraxt ko‘chatlari ekildi. Muhimi, bu ko‘chatlarni sug‘orish tizimi yaratilgan. Yurtimizda “Yashil makon” umummiliy loyihasi doirasida shu paytgacha uy-joy massivlarida 1 ming 200 gektardan ortiq bog‘ va jamoat parklari, 1 million gektardan ziyod yashil hudud va qoplamalar barpo etildi. Joriy yil 25 oktyabrdan 1 dekabrgacha davom etadigan kuzgi daraxt ko‘chatlari ekish mavsumida 85 million tup ko‘chat ekish rejalashtirilgan. Xususan, o‘rmon xo‘jaliklarida 5 million tup ko‘chat ekish, chiqindi poligonlari atrofida va yirik sanoat korxonalari hududida “yashil belbog‘” yaratish, dala chetlarida 20 million tup terak, tut va uzum, bog‘cha, maktab, oliygoh va shifoxonalar hududida 3,5 millionta ko‘chat o‘tqazish, Orolning qurigan tubida 100 ming gektarda “yashil qoplama”lar barpo etish ko‘zda tutilgan.