Qidirish
05/02/24, 16:07
1735

Shamshod va mushmula daraxti haqida eshitganmisiz?

Mevachilik va bog‘dorchilik qishloq xo‘jaligining yetakchi yuksalgan tarmoqlaridan biri bo‘lib, aholiga oziq-ovqat mahsulotlari va chorvachilik uchun yem-xashak, ko‘pgina yengil sanoat tarmoqlariga xomashyo yetkazib berishdek murakkab vazifalarni o‘z oldiga oliy maqsad qilib qo‘ygan.

Yapon mushmulasi mevasining shakli va kattaligi yovvoyi olmaga o‘xshaydi. Rangi nimsariq, pishish oldidan qoramtir bo‘ladi. Yaxshi pishganining po‘stini qo‘l bilan archib yeyiladi, po‘sti shaftoli po‘stidan qalinroq bo‘ladi. Mazasi bir oz nordon-shirin. Ochiq maydonda o‘sadigan navlarida may, iyunь oylarida mevasi pishadi. Rezavor meva sifatida xonadonlarda ekiladi. Mushmula mevasi diametri 3 santimetrgacha, madaniy navlari 10 santimetr bo‘ladi. Bir dona mevasi 30 grammgacha.

Yapon mushmulasi juda dorivor o‘simlikdir. O‘simlikning bargi, po‘stlog‘i, xom mevasida oshlovchi modda bor bo‘lib, teri oshlashda ishlatiladi. Barglarida juda ko‘p qimmatli moddalar - antioksidantlar, taninlar va changni yutuvchi moddalar mavjud. O‘simlik barglarining qaynatmasi diareyada foydalaniladi. Buning uchun bir hovuch mushmula bargi suvda qaynatilib, 4 soat davomida tindiriladi. Tayyor damlama ovqatdan yarim soat oldin ichilsa, kasallik shu zahoti chekinadi. Ushbu vosita xolesterolni pasaytirishga va toksinlarni olib tashlashga yordam beradi.

Shamshod o‘simligi shamshoddoshlar (Buxaceae) oilasiga mansub bo‘lib, bu oilaga 5 turkum va 80 ga yaqin turlar kiradi. Bu oilaning shamshod (Buxus) turkumi halq xo‘jaligida ahamiyati katta bo‘lib, 50 ga yaqin turni o‘z tarkibiga oladi. Shamshodlar o‘zlarining tashqi ko‘rinishi bilan bir-biridan ajralib turadilar. Ko‘pchilik shamshodlar uncha baland bo‘lmagan doim yashil daraxtlar va butalardan iborat. Barglari oddiy, chetlari tekis yoki tishsimon, yaltiroq, to‘q yashil mayda qarama-qarshi yoki ketma-ket joylashgan. Mevasi qutichasimon bo‘lib, pishib yetilgan mevalari yoriladi va ichidan qora yaltiroq urug‘lar otilib chiqadi. Shamshod turkumining ko‘kalamzorlashtirish uchun eng qimmatli turi oddiy yoki doim yashil shamshod (Buxus sempervirens) bo‘lib, shaharlarni ko‘kalamzorlashtirishda keng foydalaniladi. Shamshod sekin o‘sishi bilan ajralib turadi, 100 yoshida bor yo‘g‘i 10 m gacha o‘sishi mumkin. Shox-shabbasi zich bo‘lib, 800 yilgacha yashashi mumkin. Tanasining eni 50 sm dan oshmaydi. Ohakli tuproqlarda yaxshi o‘sadi, -20-22 gradusda sovuqlarga bemalol chidaydi. Shamshod turlari soyaga chidamli bo‘lishi bilan bir qatorda yorug‘lik yaxshi tushadigan yerlarda ham yaxshi o‘sadi. Tuproqqa talabchan emas, qoyalar orasida, quruq tuproqlarda ham o‘saveradi. Shamshod havo namligiga talabchan.

Qumdaryo davat o‘rmon xo‘jaligi issiqxonasida mushmula va shamshod ko‘chatlari tarbiyalanmokda.

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, so‘nggi yillarda shaharlarni ko‘kalamzorlashtirishda doim yashil ninabargli va yaproqbargli daraxt-buta turlariga e'tibor ortmoqda.