Shifobaxsh giyohlardan dori-darmon sifatida foydalanish juda qadimiy odatdir!
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda dorivor o‘simliklarni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, dorivor o‘simliklar yetishtiriladigan plantatsiyalar tashkil etish va ularni qayta ishlash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Buxoro viloyatida dorivorchilik va ziravorchilik sohasini rivojlantirish maqsadida, viloyat savdo yarmarkasi o‘tkazildi.
Buxoro viloyati xokimligi, viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi, viloyat O‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi, viloyat Savdo-sanoat palatasi boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda Buxoro viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi, viloyat O‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi, viloyat Savdo-sanoat palatasi boshqarmasi, viloyat Agroxizmatlar markazi, Buxoro Davlat Universiteti, Abu ali ibn Sino nomidagi Buxoro tibbiyot instituti, viloyat Ekalogiya boshqarmasi, dorivorchilik klasterlari, fermer xo‘jaliklari, dorivorchilik MChJ korxonalari, dorivorchilik sohasiga qiziquvchi fuqarolar xamda tadbirkorlar ishtirok etdi.
Yarmarkada Buxoro viloyatidagi o‘rmon xo‘jaliklarida yetishtirilayotgan mahalliy dorivor maxsulotlarning ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Mutaxassislar dorivor o‘simliklarni muhofaza qilish, ularning plantatsiyalarini tashkil etish, qayta ishlash orqali qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratish zarurligini ta’kidlab o‘tdi.
Ma’lumki, shifobaxsh giyohlardan dori-darmon sifatida foydalanish juda qadimiy odat bo‘lib, uning tarixi insonning shakllanish davridan boshlangan. Insonlar salomatligini tiklashda shifobaxsh o‘simliklarning roli beqiyosligi bois, aholi o‘rtasida o‘simlik xom-ashyolaridan tayyorlangan dori-darmonlarga bo‘lgan talab yildan-yilga ortib bormoqda.
Inson salomatligida dorivor o‘simliklar dolazb ahamiyat kasb etadi. Soha rivoji maqsadida davlatimiz rahbarining 2022 yil 20 maydagi «Dorivor o‘simliklarni madaniy holda yetishtirish va qayta ishlash hamda davolashda ulardan keng foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi Qarorida ham bir qator vazifalar belgilab qo‘yilgan.
Dilrabo Boboyeva O‘rmon xo‘jaligi agentligi axborot xizmati