Sohadagi qaror ijrosi amalda
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona va samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish siyosat darajasiga olib chiqildi. O‘tgan 2022 yilda Prezident raisligida ekologik holatni yaxshilash va “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham ushbu yo‘nalishda mavjud holat tanqidiy tahlil qilinib, ustuvor vazifalar aniq belgilab berilgan edi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlar ekish, shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshirish rejalashtirilgan.
Darhaqiqat, ko‘chat ekish ulug‘ va savobli amallardan biridir.
O‘rmon xo‘jaligi agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 30 dekabrdagi tegishli Farmoni bilan tasdiqlangan “Yashil hududlarni rivojlantirish, ko‘kalamzorlashtirish va ko‘chat ekish ishlarini tizimli tashkil etish bo‘yicha Yo‘l xaritasi”ning ijrosini ta’minlash maqsadida bir qator chora-tadbirlar belgilab olingan.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi, viloyatlar o‘rmon xo‘jaligi boshqarmalari, tizimdagi o‘rmon xo‘jaliklari rahbarlari o‘rmon fondi yerlarida daraxt va butalar urug‘larining onalik plantatsiyalarini tashkil etishga shaxsan mas’ul etib belgilab qo‘yilgan.
Bugun Samarqand viloyati Jomboy o‘rmon xo‘jaligida seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda Jizzax viloyati o‘rmon xo‘jaliklari mas’ullari ham ishtirok etishdi.
Tadbirda, bugungi kunda hududlarda o‘rmon xo‘jaligi boshqarmalari va hududiy o‘rmon xo‘jaliklari rahbarlari bilan birgalikda o‘rmon fondi yer maydonlarida daraxt va butalarning selektsion urug‘chilik bazasini yaratish hamda sifatli urug‘ olish maqsadida daraxt va butalar urug‘larining onalik plantatsiyalari tashkil etish ishlari amalga oshirishdagi mavjud muammolar va imkoniyatlar to‘g‘risida ham muhokamalar o‘rin oldi.
Tashkil etilayotgan onalik plantatsiyalarda ekiladigan daraxtlar va butalarning ko‘chatlari genetik jihatdan tozaligi hamda sofligi bo‘yicha soha olimlarining tavsiyalari inobatga olinib, o‘z muddatlarida urug‘lik yetishtirish uchun foydalaniladigan maydonlarning davriy aprobatsiyadan o‘tkazilishi ta’minlanishiga e’tibor qaratildi.
Dilrabo Boboyeva O‘rmon xo‘jaligi agentligi axborot xizmati