Qidirish
28/04/23, 09:15
725

Tabiatning o‘zi bir zargar!

Insoniyat atrof-muhitga ehtiyotkorlik bilan yondashish, tabiiy boyliklarni asrab-avaylash, uning ne’matlarini kelgusi avlodlarga bekamu ko‘st yetkazishga mas’uldir. Chunki dunyoda ro‘y berayotgan iqlim o‘zgarishi, atmosferaning ifloslanishi, chuchuk suv, neft va gaz zaxiralarining kamayib borayotgani singari o‘nlab ekologik muammolarning yuzaga kelishi bizdan tabiatdan oqilona foydalanish va unga yetarlicha munosabatda bo‘lishni talab qilmoqda.

“Agar dunyoda chang bo‘lmaganida, inson ming yil umr ko‘rardi”, deb aytgan edi ulug‘ alloma, tib ilmining asoschisi Abu Ali ibn Sino. Atrof muhit musaffoligini ta’minlashda esa, daraxtlar insoniyatning beminnat ko‘makdoshlaridir. Ular havodagi zararli karbonat angidridni yutib, o‘rniga kislorod ishlab chiqaradi va bizning nafas olishimizga yordam beradi. Ular issiqda salqinlik beradi, atrof-muhitni shovqinlardan himoya qiladi. Ma’lumotga ko‘ra, hozirgi kunda dunyo bo‘yicha 3 trln. atrofida daraxt mavjud. Biroq har bir daqiqada ularning 27 ta futbol maydoniga teng qismi kesilmoqda. Afsuski, bu boradagi ahvol mamlakatimizda ham maqtanarli darajada emas.

Yurtimizning har qarich yeri oltinga teng. Uning go‘zal tabiati, musaffo havosi, ziloldek tiniq va shifobaxsh suvlari har qanday kishini o‘ziga maftun etadi.

Ona zaminni va insonlar salomatligini asrash, mamlakatda yashillikni oshirish maqsadida davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi e’lon qilindi. Loyiha doirasida yiliga 200 mln tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan.

Mazkur loyiha amaliy ishlar vaqti kelganligining isbotidir. Aholi yashash punktlarida daraxtlar ekish hamda ularni parvarishlash doimiy jarayonga aylanib bormoqda. Zero, Prezident «Yashil makon» umummilliy loyihasi bir yillik tadbir emas» deya bejizga ta’kidlab o‘tmadi.

Yashil olam ichra bir jonmiz! Tabiatning o‘zi zargarga o‘xshaydi. Uning bag‘ridan unib chiqqan har bir giyoh, har bir daraxt, o‘rmonlar, hayvonot olami o‘ziga xos bir olamdir. Bu tabiiy boylikka daxl qilinishining oldini olish, muhofaza qilish faqat shu soha xodimlarining ishi emas, balki barchaning burchidir. Chunki, biz yashayotgan hudud musaffoligi, ekologik muvozanat barchamizga birday daxldordir.

Unutmaylik, har birimiz tabiiy go‘zalliklarga ziyon yetkazmaslikka odatlansak, kelgusi avlodlar kelajagi va xayotning davomiyligi uchun shunchalik ko‘p qayg‘urgan bo‘lamiz.


Dilrabo Boboyeva O‘rmon xo‘jaligi agentligi axborot xizmati