Qidirish
17/03/23, 08:47
1310

Tarovating o‘zgacha Navro‘z!

Bahorning eng nufuzli bayramlaridan biri Navro‘z! Bu bayramning shukuhiesa yildan-yilga tobora oshib bormoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ning O‘zbekistondagi vakolatxonasida Navro‘z bayrami va Xalqaro o‘rmonlar kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir tashkil etildi.

Ma’lumki, Navro‘z 2009 yilda insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. 2010 yilda BMT Bosh Assambleyasi 21 martni «Xalqaro Navro‘z kuni» deb e’lon qilib, ushbu bayramni nishonlayotgan a’zo davlatlarning u bilan bog‘liq madaniyat va an’analarni saqlash va rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarini qutladi.

BMT Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasi a’zo davlatlarni Navro‘z haqida xabardorlikni oshirishga va har yili bahorgi tengkunlikni nishonlash uchun tadbirlar tashkil etishga chaqiradi. Navro‘z FAO uchun alohida ahamiyatga ega, chunki bu qadimiy bayram qishloq xo‘jaligi mavjud bo‘lganidan beri nishonlanib kelinmoqda va u bahor kelishi hamda qishloq xo‘jaligi ishlarining boshlanishini anglatadi.

Navro‘z tadbirida o‘rmonlar, ularni barqaror boshqarish va resurslardan foydalanish iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, hozirgi va kelajak avlodlar istiqboli va farovonligiga hissa qo‘shishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, o‘rmonlar qashshoqlikka qarshi kurashda va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda ham hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Biroq, bu bebaho ekologik, iqtisodiy, ijtimoiy va tibbiy xususiyatlarga qaramay, o‘rmonlar butun dunyoda yong‘inlar, zararkunandalar, qurg‘oqchilik va rejasiz kesilishi natijasida jiddiy xavf ostida qolmoqda.

FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bir qator hamkorlar bilan birgalikda ko‘chat ekish tadbirini tashkil etish rejalashtirilgan. Ta’kidlash joizki, hududlarni obodonlashtirish va atrof-muhitni sog‘lom saqlash davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan «Yashil Makon» milliy dasturining maqsad va vazifalariga hamohangdir.

Bugungi kunda Global ekologik jamg‘arma ko‘magida FAO O‘zbekistonda “O‘zbekistonning tog‘ va vodiy hududlarida o‘rmonlarni barqaror boshqarish” loyihasini amalga oshirmoqda. Loyiha doirasida Sirdaryo, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida joylashgan hududlarda o‘rmonlarni barqaror boshqarish, o‘rmon resurslaridan oqilona foydalanish, o‘rmonlarning mahsuldorligi va ekologik funktsiyalarini saqlash, biologik va landshaft xilma-xilligi tamoyillarini samarali amalga oshirish ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, o‘rmonlarni barqaror boshqarish va o‘rmon xo‘jaligida gender tengligini ta’minlash jarayonlariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Dilrabo Boboyeva O‘rmon xo‘jaligi agentligi axborot xizmati