Tashkil etilayotgan tutzorlar yurtimizda pilla yetishtirish hajmini oshiradi
Mamlakatimiz iqtisodiyotining yuksalishida pillachilik sohasi ham muhim o‘rin tutadi. Qolaversa, muhim sanoat xomashyosi bo‘lgan pillaga talab va ehtiyoj jahon miqyosida yildan-yilga ortib bormoqda. Shu bois ham, yurtimizda pillachilikni rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 24 fevraldagi “Ipakchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda 2023 yil 5 iyundagi “Pillachilik sohasida kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash hamda pilla yetishtirish uchun ozuqa bazasini yanada kengaytirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishda dasturilamal bo‘lmoqda.
Yuqorida qayd etilgan hujjatlarda pilla yetishtirish, tayyorlash hajmini ko‘paytirish, sifatini yanada yaxshilash, ipak qurti ozuqa bazasini mustahkamlash bo‘yicha qator vazifalarni amalga oshirish belgilangan.
Pillachilikning rivoji ko‘p jihatdan ipak qurti ozuqasiga bog‘liq. Shu sabab ham yangi tutzorlar barpo etish, yakka tut qatorlarini ko‘paytirish, mavjud tutzorlarni modernizatsiya qilish, yuqori hosil beradigan, ozuqa qiymati yuqori tut ko‘chatlarini yaratish dolzarb masalalar hisoblanadi.
Samarqand viloyati Jondor davlat o‘rmon xo‘jaligi hamda Buxoro ilmiy tajriba stansiyasi va tegishli fermer xo‘jaliklari, korxona tashkilotlar bilan Jondor tumanida dala chetlariga tut ko‘chatini ekish bo‘yicha seminar tashkil qilindi,bevosita ko‘chat ekish, sug‘orish ishlari olib borildi.
Yangidan tashkil etilayotgan tutzorlar yurtimizda pilla yetishtirish hajmini oshiribgina qolmay, aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratilishiga sabab bo‘lmoqda.