Qidirish
27/02/24, 09:11
1547

Terak qalamchalari qanday tayyorlanadi?

Mamlakatimizda terak mahalliy aholi tomonidan ham, sanoat maqsadlarida ham yog‘och tayyorlash uchun eng ko‘p foydalaniladigan daraxt turi hisoblanadi. Bu hol daraxtning tez o‘sishi, yuqori mahsuldorligi, fizik va mexanik xossalari, ko‘payishining qulayligi va respublika bo‘ylab tarqalganligi bilan izohlanadi. Mahalliy aholi va fermerlar o‘zlaridagi har qanday qulay joyda terak yetishtirmoqda. Terak ekinlari ko‘p funksiyali bo‘lib, ulardan meliorativ yoki boshqa maqsadlarda foydalanish mumkin. Foydali xususiyatlarning kombinatsiyasi nuqtai nazaridan, terak boshqa daraxt turlari orasida deyarli hech qanday raqobatchiga ega emas. Duragay teraklardan foydalanganda, uning afzalliklari yanada ortadi.

Gʻallaorol davlat o‘rmon xo‘jaligi tomonidan terak qalamchalarini tayyorlash ishlari amalga oshirildi. Soha vakillarining ta’kidlashicha, terak, tol, jiyda, boshqa daraxt va butalarning qalamchalari asosan maxsus onalik plantatsiyalarida yetishtirilgan daraxtlardan yoki to‘nkalardan o‘sib chiqqan (bachki) bir yillik novdalaridan tayyorlanadi. Qalamcha uchun tayyorlangan novdalarni bahorgi ekish mavsumigacha butunligicha (kesmasdan) saqlash zarur.


Tayyorlangan novdalar 50–100 donadan bog‘lanib qurib qolishdan saqlash uchun xandaqlarga (chuqurligi 40–60 sm) ko‘mib qo‘yiladi. Imkon qadar novdalar ko‘miladigan joy quyosh nuridan panalangan bo‘lishi lozim, bu hol novdalarni barvaqt ko‘karib ketishdan asraydi. Novdalar ekishdan 1–2 kun oldin ko‘milgan joyidan olinadi va undan 20–25 sm uzunliqdagi qalamchalar kesiladi, bunda qalamcha uchining yo‘g‘onligi 0,5–1,5 sm gacha bo‘lishi shart. Agar qalamchalar ertaroq kesilgan bo‘lsa, u vaqtda ular 40–50 sm chuqurlikdagi xandaqlarda saqlanadi. Maxsus xandaqlar nam tuproqli yerlardan qaziladi. Qalamchalar o‘suvchi kurtagi (uchi) pastga qaragan holda ko‘milishi zarur, sabab tuproq tortilganda yoki cho‘kkanda kurtaklar o‘rni zararlanmaydi. Maxsus tayyorlangan xandaq tagiga 5 sm qalinlikda sof daryo qumi solinadi. Qalamcha ustiga ham yana bir qavat 10 sm qalinlikda qum to‘shaladi va 40–50 sm qalinlikda tuproq bilan ko‘miladi.