Qidirish
29/01/24, 12:44
1178

Toshkent shahri iflonaslanishi bo‘yicha dunyo mamlakatlarida 10 talik o‘rindan birini egallab kelmoqda...Mutaxassis buning sabablarini aytdi

Ma’lumki, O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti 1927 yilda ilk bora Butunittifoq agroo‘rmon melioratsiya ilmiy-tadqiqot (VNIALMI) tarkibida O‘rta Osiyo markaziy o‘rmon tajriba stansiyasi (O‘OMO‘TS) sifatida tashkil etilgan va uning tarkibiga Tojikiston va Turkmaniston tajriba o‘rmon stansiyalari, Farg‘ona, Omon Qo‘ton, Kulsoy, Arslonbob, Buxaro, Termiz, Andijon tayanch punktlari biriktirilgan. So‘ng 2017 yilga qadar bir qator nomlar bilan faoliyat yuritgan. 2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1- maydagi PQ-2966-sonli qarori asosida O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti sifatida qayta tashkil etildi. Hozirgi kunda institut tarkibida 1 ta filial Andijon filiali (2017 yilda tashkil etilgan), 2 ta ilmiy markaz, 5 ta tajriba stansiya hamda 8 ta ilmiy laboratoriya mavjud.

Xo‘sh, bugungi kunda mazkur Markazning faoliyati qay darajada tashkil etilgan? Sohada qanday amaliy ishlar tashkil etildi? Mazkur savollar yuzasidan O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti direktori Saidqul Arabov quyidagilarni ma’lum qildi:

Institutda 47 nafar xodim, shundan 13 ta boshqaruv xodimi va 34 nafar ilmiy xodim (ilmiy darajaga ega 21 nafar) faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, doktorantura bo‘limida 14 nafar doktorant izlanuvchi tahsil olmoqda, deydi Saidqul Arabov.- Institutda o‘tgan 6 yil davomida ilmiy salohiyat ko‘rsatkichi 18% dan 47%ga oshirildi. Olimlarning o‘rtacha yoshi 71 yoshdan 50 yoshga yoshartirildi. 12 nafar professor va katta ilmiy xodim unvonli xodimlar tayyorlandi.

Ayta olasizmi, soha oldida turgan ekologik dolzarb masalalar, xususan o‘rmon fondi yerlarida himoya o‘rmonlarini barpo etish, yashil daraxtzorlarni ko‘paytirish va yerlardan samarali foydalanish uchun o‘rmonmevali hamda dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini tashkil etish maqsadida qanday chora-tadbirlar amalga oshirildi?

Davlat rahbari tomonidan sohani rivojlantirish uchun bir qancha hujjatlar qabul qilingan. Mazkur hujjatlarning ijrosini ta’minlash maqsadida ilg‘ori texnologiyalarini ishlab chiqish yuzasidan 9 ta ilmiy loyihalar bajarilib, amaliyotga ilmiy hamjdor natijalar tatbiq etildi. Doktorant izlanuvchilar tomonidan 17 ta yo‘nalishda doktorlik dissertatsiya tadqiqotlari yo‘lga qo‘yildi.

Xalqaro ilmiy jurnallar va ilmiy-amaliy anjumanlarda 310 ta ilmiy maqola, 10 ta monografiya va 21 ta ilmiy tavsiyalar chop etildi. 14 ta yangi ishlanmalar patentlashtirildi.

Albatta ish bor joyda kamchiliklar ham bo‘ladi. Mavjud kamchiliklar xususida ham to‘xtalib o‘tsangiz...

Ta’kidlaganingizdek, yechimini kutayotgan muammolar ko‘p. Xususan, so‘nggi 2-3 yilda respublika hududlarida, ayniqsa Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Samarqand hattoki Toshkent shahrida qum-chang bo‘ronlari kuzatilib kelinmoqda. Afsuski, ushbu muammolarning bartaraf etish maqsadida hududlar kesimida “yashil daraxtzor”larni barpo etish, ularning tashqi omillarning salbiy oqibatlarini yumshatishga bo‘lgan ijobiy ta’sirlarini asoslash bo‘yicha fundamental tadqiqotlar yetarli darajada olib borilmayapti.

Toshkent shahri dunyo mamlakatlarida iflonaslanishi bo‘yicha 10 talik o‘rinlardan birini egallab kelmoqda. Bunga asosiy sabab, shahar markazlarida transport vositalar hamda ishlab chiqarish zavodlar sonining ortishi va undan chiqadigan zaharli gaz chiqindilar miqdorining ko‘payishi bilan bog‘lik. Shunga muvofiq, transport va zavod fabrikalardan chiqadigan zaharli gazlar miqdori hamda ularnang havoga tashlanish koefisentini kamaytirishga yo‘naltirilgan innovasion g‘oya-texnologiyalar (jumladan, ko‘p bosqichli filtrlar va h.k) yetarli darajada ishlab chiqilmayapti.

Shuni ham alohida aytib o‘tishim kerakki, ishlab chiqarish korxonalarida qayta tiklanuvchi muqobil energiyalardan foydalanishning nazariy asoslarini ishlab chiqish yo‘nalishlarida tadqiqotlar deyarli yo‘lga qo‘yilmagan.

Respublika o‘rmon fondi yerlari hamda unga kirmaydigan hududlardagi mavjud tabiiy o‘rmonzorlar va madaniy holda barpo etilayotgan yashil daraxtzorlarning qoplanish darajasi hamda ularning holatini baholash va monitoringini yuritishni raqamlashtirish to‘liq yo‘lga qo‘yilmagan.

Muammolarni oldini olish, ularga ijobiy yechim topish maqsadida bir nechta ustuvor vazifalar belgilab olingan. Eng avvalo yashillikni saqlab qolishga, uni kengaytirishga erishishimiz kerak. Bugungi kunda joylarda bahor va kuzgi mavsumlarda ko‘chat ekish ishlari yo‘lga qo‘yilgan va bu borada barcha mutasaddi tashkilotlar jalb etilgan. Ko‘chatlar har bir hududning iqlimidan kelib chiqib tanlab olinmoqda. Ko‘chatlarni to‘g‘ri parvarishlar uchun tegishli agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida amalga oshirilmoqda.

Tabiatni, toza ekologik iqlimni asrashda har birimiz birdek mas’ulmiz. Biz shunga amal qilsakkina, o‘zimiz kutgan natijalarga erisha olishimiz mumkin.


Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur!