Qidirish
25/04/23, 10:46
1099

Toza ichimlik suvi - Yer sayyorasida insoniyat kun ko‘rishi uchun eng zaruriy shartlardan biri

Dunyo miqyosida suv tanqisligi xavfi ortib borayotgan bir paytda Markaziy Osiyo xususan, O‘zbekistondagi suv va unga aloqador muammolar nafaqat mintaqaviy, balki global ahamiyat kasb etayotgani hech kimga sir emas. Mazkur masala bo‘yicha chuqur ilmiy asosga ega tadqiqotlar ham bajarilmoqdaki, ular orasida o‘zbekistonlik olimlarning ham borligi quvonarli.

Ammo afsuski, anomal jazirama, suv muammosi, iqlim o‘zgarishlari O‘zbekistonga ham begona emas. Butun dunyo boshidagi muammo. Yozda haroratning keskin ko‘tarilishi, cho‘llanish, ichimlik suvining yetishmasligi, yog‘ingarchilikning kamayayotgani kabi noxush manzara ko‘lami yil sayin kengayib, xavotirli chaqiriqlar yangramoqda.

Iqlim o‘zgarishlari doim bo‘lgan. Biroq uning o‘zgarish tempi turlicha, ba’zan sekin, gohi tez kuzatilgan. Lekin bugungi qurg‘oqchilik bir davlat yo ma’lum hududning emas, umumdunyoning muammosi. Bu chinakam tabiiy ofat — qariyb 55 mln kishining turmushi izdan chiqishi mumkin. 2050 yilga borib qurg‘oqchilik dunyoning to‘rtdan uch qismiga ta’sir qilish taxmini bor.

Ma’lumki, o‘lkamizning 70 foiz yoki 31,4 mln gektar yeri qurg‘oqchil maydonlardan iborat. Ular tabiiy sho‘rlangan, ko‘chma barxan qumlik va qumliklardan tarkib topgan cho‘l hamda issiq garmsel shamollari ta’siridagi hududlardir. Orol dengizi suv sathi resurslarining qurishi tufayli yana 3 mln gektardan ortiq maydonda Orolqum paydo bo‘ldi.

Mamlakatimizda mavjud suv resurslaridan oqilona foydalanish borasida bir qancha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, oxirgi yillarda Orol dengizining suvi qurigan hududida global ekologik muammoning oldini olish va aholining ijtimoiy-iqtisodiy yashash tarzini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlari olib borildi.

Jumladan, 2022 yilda 107 ming gektar maydonda saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklaridan “yashil qoplamalar” barpo etildi. Jami 590,3 tonna, shundan 391 tonna mahalliy aholi tomonidan cho‘l o‘simliklarining urug‘lari jamg‘arildi. 100 gektar saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklaridan niholxonalar tashkil etildi.

Shuningdek, ushbu barpo etilgan “yashil qoplamalar” soha olimlari doimiy monitoring qilinib, cho‘l o‘simliklarining ko‘karishi bo‘yicha yaxshi natijalarga erishilmoqda.

2023 yilda 100 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” himoya o‘rmonzorlari barpo etilishi rejalashtirilgan. Ushbu “yashil qoplamalar”ni barpo etish va xatosini to‘ldirish uchun jami 420 tonna saksovul, qandim, qoraburoq kabi cho‘l o‘simliklarining urug‘larini jamg‘ariladi. 100 gektar maydonda saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklaridan niholxonalar tashkil etiladi.

Xulosa o‘rnida aytganda yashillikni, ona tabiatni asrash uchun suv muammosini bartaraf etish talab etiladi. Toza ichimlik suvi - Yer sayyorasida insoniyat kun ko‘rishi uchun eng zaruriy shartlardan biri. Suv tiklanuvchi resurs bo‘lsada, dunyo aholisi ortib borayotgani hisobiga suv tanqisligi muammosi paydo bo‘lgan hududlar soni ham yildan yilga ko‘paymoqda.

Mazkur muammolarni oldini olish yuzasidan sohalarda suv tejovchi texnologiyalar keng joriy etilmoqda.