Tuproq va suv – yerdagi hayotning asosi
Tuproq va suv yerdagi hayotni ta'minlovchi eng muhim manbalardir. Oziq-ovqat mahsulotlarining 95 foiziga unumdor tuproq orqali erishish mumkin. Tuproq va suv o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik qishloq xo‘jaligi tizimining asosini tashkil qiladi.
Har yili 5 dekabrda tuproq salomatligi va tuproq resurslarini barqaror boshqarishning muhimligiga e'tiborni jalb qilish maqsadida Butunjahon tuproq kuni nishonlanadi. Xalqaro tuproq kuni 2002 yilda Tuproq haqidagi fanlarxalqaroittifoqi tomonidan tavsiya etilgan. Global tuproq hamkorligi doirasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bu kunni xabardorlikni oshirish uchun global platforma sifatida rasmiy ta'sis etilishini qo‘llab-quvvatladi. FAO konferentsiyasi 2013 yil iyunь oyida Butunjahon tuproq kunini o‘tkazishni bir ovozdan ma'qulladi va buni BMT Bosh Assambleyasining 68-sessiyasida rasmiy tasdiqlanishini so‘rab murojaat qildi.
Toshkentda Butunjahon tuproq kuni munosabati bilan “Tuproq degradatsiyasining oldini olishning innovatsion texnologiyalari” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy seminari bo‘lib o‘tdi. Tadbir FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati va Qonunchilik palatasi, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, shuningdek, olimlar, tadqiqotchilar, milliy va xorijiy tuproqshunos mutaxassislar ishtirok etib, ular tuproq va suv resurslarini barqaror boshqarish, eroziya hamda tuproq degradatsiyasiga qarshi kurashning zamonaviy usullari, neytral muvozanatni saqlash, yer degradatsiyasi, shuningdek, boshqa dolzarb masalalar bo‘yicha ma'ruzalar taqdim etdi.
FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov ta'kidlaganidek, Global Ekologik Jamg‘arma (Global Environment Facility - GEF) moliyaviy ko‘magida FAO O‘zbekistonda ekologik barqarorlikni mustahkamlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, bioxilma-xillikni saqlash va tuproqlarni sog‘lomlashtirishni ta'minlashga qaratilgan yirik loyihalarni amalga oshirmoqda. Ular “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg‘oqchil va sho‘rlangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” mintaqaviy loyihasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni mohofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi,O‘rmon xo‘jaligi agentligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda oziq-ovqat tizimlarining yerdan foydalanish va qayta tiklashga ta'sirini baholash dasturi” va “O‘zbekistonning qurg‘oqchilikka uchragan ekotizimlarida yaylovlar va o‘rmonlarni barqaror boshqarish” loyihalaridir.
Ta'kidlash joizki, Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti tuproq unumdorligini saqlash va yaxshilash, degradatsiya jarayonlarining oldini olish va ularning oqibatlariga qarshi kurashish bo‘yicha keng ko‘lamli ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib bormoqda. Xususan, qishloq xo‘jaligi yerlari meliorativ va ekologik holatini yaxshilash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda, qishloq xo‘jaligida resurslarni tejaydigan (no-till) texnologiyalar joriy etilmoqda, ekinlarni o‘g‘itlashning zamonaviy tizimlari ishlab chiqilmoqda, organik dehqonchilik uchun ekologik toza tuproq sharoitlari yaratilmoqda, tuproqlarni tahlil qilishda xalqaro standartlar qo‘llanilmoqda. Bundan tashqari, sun'iy intellekt texnologiyalari va tuproqshunoslikni raqamlashtirishdanfoydalangan holda tuproqlar holati monitoringi amalga oshirilmoqda.
Tadbirda minimal yumshatish, almashlab ekish, organik moddalar solish va qoplama ekinlar kabi tuproqni barqaror boshqarish usullari tuproq holatini yaxshilashi, eroziya va ifloslanishni kamaytirishi, yer osti suvlarining infilьtratsiyasi va to‘planishini yaxshilashi ta'kidlandi. Tuproq va suv resurslarini barqaror boshqarish Yerning qurg‘oqchilik, toshqin va qum bo‘ronlari kabi ekstremal iqlim hodisalariga qarshi turish qobiliyatini oshirish imkonini beradi.