Tuproqni madaniylashtirish usullari
Biologik usul: bunda tuproqdagi organik moddalarning sintezlanishi va chirishini boshqarish, serhosil, kasallik va zararkunandalarga chidamli navlarni ekish, almashlab ekishni joriy etish kabi tadbirlar amalga oshiriladi.
Kimyoviy usul:bunda, yerga mineral, bakterial o‘g‘itlar solinadi, gips va boshqa moddalar qo‘llanilib, tuproqda o‘simlik oson o‘zlashtiradigan moddalar miqdori ko‘paytiriladi. Yer ohaklanganda tuproqning kislotaligi, gipslashda esa, ishqoriyligi normallashib, o‘simliklarning o‘sishi uchun yaxshi muhit vujudga keladi.
Fizik usul:bunda, yerga fizik-mexanik taʼsir etiladi, yaʼni tuproqning strukturali bo‘lishi va uning havo, issiqlik, suv va boshqa rejimlarini boshqarishda o‘tkaziladigan tadbirlar kompleksi amalga oshiriladi. Bundan tashqari, yerlarning zaxini qochirish, sho‘rini yuvish, sizot suvlar sathini pasaytirish yuzasidan o‘tkaziladigan kollektor-drenaj ishlari hamda ekin ekishdan oldin va keyingi egat, jo‘yaklar fizik usulga kiradi.