Qidirish
25/04/23, 10:48
474

Turfa olamning har bir ne’mati inson uchun yaratilgan!

Tozalik, pokizalik va ozodalik xalqimizga xos go‘zal qadriyatlardan biridir. Bobo-momolarimiz hamisha uyi va uning atrofi, tevarak-atrofni pokiza saqlagani, saranjom-sarishta yashaganini barchamiz yaxshi bilamiz. Biroq bu go‘zal an’anaga har doim ham amal qilmasligimiz, ayrim yurtdoshlarimiz turli chiqindilarni duch kelgan joyga uloqtirishni odat qilgani bugun, taassufki, achchiq haqiqatga aylangan.

Tabiatni va ekologiyani asrashda eng avvalo yashillik olami muhim ahamiyat kasb etadi. O‘rmon xo‘jaligi agentligi mutasaddilari tomonidan ham joylarda yashillikni ta’minlash, asrash, o‘rmonchilikni rivojlantirish borasida bir qancha chora-tadbirlar amalga oshirilgan.

Ma’lumki, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 186 tuman va shaharda 2022-2024 yillarda jami 1278 gektar, shundan 2022 yilda 584 gektar maydonda “Yashil bog‘lar”, 184 tuman va shaharlardagi 306 ob'yektda 2022-2024 yillarda jami 1082 gektar maydonda yangidan “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish belgilangan.

Mazkur loyiha yuzasidan O‘rmon xo‘jaligi agentligi tomonidan belgilangan rejalarga muvofiq ishlar amalga oshirildi.

Atrofimizni o‘rab turgan bu turfa olamning har bir ne’mati inson uchun yaratilgan. Bir qarashda cheksiz-chegarasiz, poyonsizdek tuyulgan bu zaminu koinotda aslida hamma narsa o‘lchovli. Ana shu jihat e’tiborga olinib, muqaddas manbalarimizda tabiatdan foydalanishda tejamkor bo‘lish, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik qayta-qayta uqtiriladi.

O‘rmonchilik sohasi mutaxassislari ham aholini tabiatning har bir ne’matini qadrlashga, tabiatdan foydalanishga tejamkor bo‘lishga va uni asrab-avaylab kelgusidagi avlodlarga shikastsiz yetkazishga chaqiradi.