Tut daraxtining bargi nafaqat ipak qurtining yagona ozig‘i, balki uning mevalari to‘yimli hamda shifobaxshdir!
Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimiz bo‘ylab boshlangan va tobora keng quloch yozayotgan “Yashil makon” umummilliy harakati elimizning shu ezgu qadriyatlari yangi va zamonaviy ruhda qayta ko‘z ochishida, O‘zbekistonning har qarich yerini chinakamiga yashillikka burkash, toza va musaffo havoga boy, sog‘lom va qadri baland insonlar yashaydigan mamlakatga aylantirishda ulkan qadam bo‘ldi.
Ayniqsa tut daraxtining bargi ipak qurtining yagona ozig‘i hisoblansa, uning mevalari shirin va to‘yimliligi hamda shifobaxshligi bilan inson salomatligi uchun nihoyatda bebahodir. Tut daraxti juda qadimiy ko‘p yillik daraxt bo‘lib, tarixiy manbalarga ko‘ra 5000 yil ilgari Xitoyda tarqalgan. Asrlar davomida xalq selektsiyasi tamonidan Shotut, Balxi tut, Marvarid tut va boshqa ko‘plab tut navlari yaratilib, hozirgi paytda ham o‘stirilmoqda. Olimlar oldidagi asosiy maqsad ham tut daraxti barglari ozuqa uchun kesilganidan keyin ularning to‘yimliligi va ozuqaviy sifatlarini oshirish yo‘li bilan pilla hosildorligini oshirishdan iboratdir.
Sho‘rlanish va botqoqlanishga qarshi tut daraxtlarining ahamiyati beqiѐs va bu borada o‘z o‘rniga ega. Bulardan tashqari tut daraxtlaridan shahar va qishloqlarni ko‘kalamzorlashtirishda manzarali daraxtlar sifatida ham keng foydalanib kelinadi.
O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori o‘rinbosari G‘.K. Qurbonov Buxoro viloyatiga tashrifi davomida G‘ijduvon davlat o‘rmon xo‘jaligi tomonidan tut va qayrag‘och ko‘chatlarini yetishtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
- Mutaxassis uchrashuv davomida ozuqa bazasining mustahkamlanishi va kengayishi, pilla yetishtirish majmualarining bevosita tutzorlar yaqinida barpo etilishi, 2 barobar ko‘p hosil beradigan, ozuqa qiymati yuqori va sovuqqa chidamli tut ko‘chatlarining olib kelinishi pilla yetishtirish hajmlarini oshirish hamda yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar, shu jumladan, shoyi gazlamalar va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga xizmat qilishini ta'kidladi. Tut daraxti ekinlarni garmsel va sovuq shamollar ta'siridan saklashda hamda yerlarning erozyaga qarshi kurashda ixota vazifasini ham bajarishini qayd etdi.
Shuningdek, tutchilikni rivojlantirish bo‘yicha ma'sullarga tegishli topshiriqlar berib o‘tdi.
Dilrabo Boboyeva O‘rmon xo‘jaligi agentligi axborot xizmati